Quyonlar ham, ish oʻrinlari ham ko'paymoqda
Buloqboshi tumanidagi “Badalovlar kelajagi — 2020” quyonchilik xoʻjaligining tashkil topganiga atigi ikki oy boʻldi, xolos. Shu qisqa vaqt katta imkoniyat eshiklarini ochdi. Dastlab Italiyadan 300 bosh naslli quyonlar olib kelindi. Ular qatoriga 100 bosh mahalliy quyon qoʻshildi. Buning uchun 10 ta yangi ish oʻrni yaratildi. 3 oydan soʻng ishchilar soni 100 nafardan ortishi koʻzda tutilgan. Chunki bu paytga kelib quyonlar koʻpayishi evaziga ularning soni 4000 taga yetadi.
— Quyon goʻshti tarkibidagi oqsilning 90 foizi inson organizmi tomonidan toʻliq oʻzlashtiriladi,-deydi xoʻjalik rahbari Nasibaxon Badalova. — U, shuningdek, mineral tuzlarga, kalsiy va fosforga boy. Quyon goʻshti jigar, meʼda, yurak-qon tomir tizimi kasalliklari, qandli diabet, allergiyasi bor insonlarga tavsiya etiladi.
Quyonlar uchun ozuqa xoʻjalikning oʻzida ishlab chiqarilmoqda. Bu esa mahsulot tannarxining arzonlashishiga sabab boʻladi. Terisidan eksportbop mahsulotlar tayyorlash maqsadida 25 ta tikuv mashinalaridan iborat sex tashkil etildi. Kelgusida 1 kg. jundan 2000 metr kalava ip ishlab chiqaradigan korxona, goʻsht saqlovchi omborxona va mahsulot sifatini nazorat qiluvchi laboratoriya faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring