Quvasoylik deputat 150 million soʻmlik mahsulot xayriya qildi
Maʼlumki, koronavirus pandemiyasi va global inqiroz kechayotgan hozirgi sinovli davrda bir-birimizni qoʻllab-quvvatlash, yordamga muhtoj, ehtiyojmand va koʻp bolali oilalarga ham maʼnan, ham moddiy yordam koʻrsatishdek anʼanalarimiz shu kunlarda yana-da yaqqolroq namoyon boʻlmoqda.
Mamlakatimizda insonparvarlik, mehr-shafqat va oʻzaro xolis yordam singari ezgu gʻoyalarga qaratilgan umumxalq harakatlari bugun barchani bir mushtarak maqsad sari birlashtirmoqda. Bu yoʻlda, ayniqsa, ehtiyojman oilalarga alohida koʻmak koʻrsatilayotir.
Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, OʻzLiDeP xodimlari ham tashabbus bilan chiqib, bir kunlik ish haqilarini “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga oʻtkazib bergan edi.
Hozirda ham partiyadan saylangan deputatlar turli tashabbuslar bilan chiqmoqdalar. Ezgu harakatlarning davomi sifatida Quvasoy shahridan saylangan Xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashi deputati, “HOVVO GROUP” MCHJ rahbarlaridan biri sifatida faoliyat olib borayotgan Asqar Kadirov “Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash” Fargʻona viloyati boshqarmasidagi Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markaziga 21 tonna kartoshka mahsulotini ehson sifatida yetkazib berdi. Bundan tashqari, Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markaziga aholidan kelib tushayotgan murojaatlarga koʻra, deputat tomonidan zaruriy dori-darmon vositalari ham yetkazib berilmoqda.
Shuningdek, Quvasoy shahridagi 16 ta MFY hududidagi kam taʼminlangan, ehtiyojmand va nogironligi bor oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari, antiseptik vositalarni Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi orqali xayriya sifatida tarqatdi. Quvasoy shahridagi 3 nafar bemor fuqarolarning davolanishlari uchun ham moddiy yordam koʻrsatilyapti.
-El boshiga tushgan sinov barchamizni jipslashtirmoqda, — deydi A.Qodirov. -Irodali xalqimiz qiyinchiliklarni birgalikda yengib oʻtishiga ishonamiz. Bu sinovli damlarda har birimiz faol boʻlishimiz, qoʻlimizdan kelgan barcha yordamni imkon qadar ayamasligimiz zarur. Men barcha tadbirkorlar va oʻziga toʻq oila vakillarini bu jarayonlarda faol ishtirok etishga chaqiraman.
Shohsulton TOʻXTAMATOV,
OʻzLiDeP Fargʻona viloyati
Kengashi matbuot kotibi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring