Qurol toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtiriladi

20:33 05 Aprel 2021 Jamiyat
1224 0

Shu kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi “Qurol toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqmoqda.

Qonun 14 ta moddadan iborat boʻlib, 11 ta qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi nazarda tutilmoqda.

Hozirgi paytda amaldagi “Qurol toʻgʻrisida”gi Qonunda fuqarolik va xizmat quroli hamda oʻq-dorilar sohasida litsenziyalash va ruxsatnoma berish vakolati Milliy gvardiya organlariga yuklatilgan.

Biroq fuqarolik va xizmat quroli hamda oʻq-dorilarni saqlash qoidalariga rioya qilinishi ustidan nazorat, aniqlangan qoidabuzarliklar boʻyicha chora koʻrish esa ichki ishlar organlariga yuklatilgan.

Xorijiy davlatlarda qurol muomalasi sohasidagi munosabatlar, yaʼni litsenziyalash va ruxsatnoma berish hamda ularning talablariga rioya etilishini nazorat qilish vakolati yagona davlat organiga topshirilgan.

Shu sababli respublikamizda ham qurol sohasida litsenziya va ruxsatnoma berish hamda nazorat qilish funksiyalarini yagona davlat organiga oʻtkazish zaruriyati mavjud.

Shuningdek, “Qurol toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilinganidan soʻng oʻqotar quroldan tashqari pnevmatik, gazli, signal beruvchi, tigʻli, uloqtirish quroli va elektroshok qurilmalariga egalik qilishga ruxsat berildi.

Biroq oʻqotar boʻlmagan yuqorida koʻrsatilgan qurollarga noqonuniy egalik qilish uchun esa qonunchiligimizda javobgarlik mavjud emas.

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi va Jinoyat kodekslarida faqatgina oʻqotar qurolni saqlash qoidalariga rioya qilmaslik

va noqonuniy egalik qilish uchun javobgarlik belgilangan, xolos.

Eʼtiborli jihati shundaki, oʻtgan 2020-yilda oʻqotar boʻlmagan qurolga ruxsatnomasiz egalik qilish bilan bogʻliq aniqlangan 2 174 ta holat boʻyicha shaxslarga javobgarlik choralari koʻrish uchun huquqiy asos boʻlmagan. Bu esa oʻqotar boʻlmagan qurollar bilan fuqarolar oʻrtasida “erkin muomala qilish” vaziyatini shakllanishiga imkon yaratmoqda.

Sodda qilib aytganda, oʻqotar boʻlmagan qurolga noqonuniy egalik qilish, yaʼni uyda saqlash, koʻcha-koʻyda olib yurish, taʼlim muassasalariga olib borish va hokazo holatlarda qurol egasi undan turli jinoiy maqsadlarda foydalanmasligiga “kafolat” yoʻq.

Shu sababli qonunchiligimizdagi ushbu “huquqiy boʻshliq”ni toʻldirish maqsadida qoʻyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilmoqda:

birinchidan, qurol va uning oʻq-dorilari muomalasini davlat tomonidan tartibga solish va nazoratni amalga oshirish funksiyalarini Milliy gvardiyadan ichki ishlar organlariga oʻtkazish;

ikkinchidan, oʻqotar boʻlmagan qurol bilan qonunga xilof ravishda muomalada boʻlish yoki qurol muomalasi qoidalarini buzish uchun jinoiy va maʼmuriy javobgarlik nazarda tutish;

uchinchidan, qonunlardagi mavjud tushunchalar, qurol turlari va ularning huquqiy holatini “Qurol toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiqlashtirish.

Mazkur Qonun Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi aʼzolari hamda qoʻmita tarkibidagi ekspertlar guruhi tomonidan oʻrganilmoqda.

Farhod BOQIYEV,
Oliy Majlis Senati
Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер