Qurilishdagi sifatning elektron nazorati joriy etilmoqda
Qurilishda sifat taʼminlanishi nimalarga bogʻliq? Sohadagi korrupsiyani oldini olishda aynan qaysi jihatlarga eʼtibor berish lozim? Bu kabi savollarning javobi esa aniq: sohani raqamlashtirish.
Prezidentimizning mazkur yoʻnalishdagi ishlarni jadallashtirish borasidagi topshiriqlari ijrosini taʼminlash borasida bugun Qurilish vazirligi tomonidan samarali ishlar tashkil etilmoqda. Vazirlik matbuot xizmatining xabar berishicha, 7-14-sentyabr kunlari vazirlikda “Shaffof qurilish” Milliy axborot tizimidagi “Qurilishdagi nazorat” quyi tizimidan foydalanish mavzusidagi respublika oʻquv-amaliy seminari oʻtkazilmoqda. Unda tizimdan samarali ishlashni oʻrganish va oʻz hududlarida ushbu tizimni 2020-yil yakunigacha toʻliq amaliyotga tatbiq etish uchun, qurilish-montaj ishlari ustidan nazorat va buyurtmachilar bilan ishlash boʻlimlaridan bittadan hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha hududiy nazorat inspeksiyalaridan jami 48 nafar mutaxassis xodimlar ishtirok etmoqda.
Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, joriy yilning avgust oyidan “Shaffof qurilish” Milliy axborot tizimidagi “Qurilishdagi nazorat” quyi tizimi Toshkent shahri va Toshkent viloyatida test tariqasida ishga tushirilgan edi.
Toshkent shahri Qurilish sohasidagi hududiy nazorat inspeksiyasida roʻyxatdan oʻtgan 1341 qurilish obyekti “Qurilishdagi nazorat” tizimiga kiritilib, inspektorlar tomonidan nazorat ishlari bir vaqtda anʼanaviy tarzda va tizim orqali test tariqasida amalga oshirilmoqda. Inspeksiya tomonidan 25 planshet xarid qilinib, nazorat ishlariga 25 inspektor jalb etilgan.
Toshkent viloyati Qurilish sohasidagi hududiy nazorat inspeksiyasida roʻyxatdan oʻtgan 1697 qurilish obyekti “Qurilishdagi nazorat” tizimiga kiritilib, inspektorlar tomonidan nazorat ishlari bir vaqtda anʼanaviy tarzda va tizim orqali test tariqasida amalga oshirilmoqda. Inspeksiya tomonidan 20 planshet xarid qilinib, nazorat ishlariga 20 inspektor jalb etilgan.
Oʻtkazilayotgan mazkur oʻquv-amaliy seminarda qurilish obyektlarini tizimga kiritish, tizim orqali nazorat ishlarini olib borish va tizimda hisobotlarni shakllantirish mavzulari keng yoritilmoqda.
Hududlardan tashrif buyurgan inspektorlar Toshkent shahri hududiy inspeksiyasi inspektorlari bilan birgalikda 6 kun mobaynida Toshkent shahridagi qurilish obyektlarida tizimdan foydalanish amaliyotini oʻtkazishyapti.
Buyurtmachilar bilan ishlash boʻlimi hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha mutaxassislar vazirlik binosida 6 kun mobaynida tizimga roʻyxatdan oʻtgan obyektlarni kiritish, buyurtmachilarning texnik nazorati, loyihachilarning mualliflik nazorati va pudratchilarning ichki nazorati xodimlariga shaxsiy kabinetlar ochish amaliyotini oʻtkazishadi.
Oʻz navbatida, seminar ishtirokchilari tizimdan foydalanish amaliyotini oktyabr oyi yakuniga qadar hududiy nazorat inspeksiyalariga tatbiq etishadi.
Joriy yilning oktyabr – noyabr oylarida Qurilish vazirligi, Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat va Toshkent shahar hokimliklari va hududiy nazorat inspeksiyalari birgalikda joylarda Qurilishdagi nazorat elektron tizimidan foydalanish boʻyicha oʻquv seminarlarini oʻtkazish rejalashtirilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring