Qurilish sohasidagi islohotlar oʻz natijasini bermoqda

13:02 15 Oktyabr 2024 Jamiyat
316 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Qurilish — bu iqtisodiyotning barcha tarmoqlari rivojlanishiga katta turtki beradigan muhim soha. Koʻplab yangi ish oʻrinlari yaratilishida, aholi daromadlari yaxshilanishida, ayniqsa, muhim ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, yangi yoʻllar, koʻpriklar, binolar va boshqa infratuzilma obyektlari qurilishi iqtisodiyotning barcha tarmoqlarining samaradorligini oshiradi. Tarmoqdagi faollik boshqa sohalardagi talabni oshiradi, bu ishlab chiqarishni kengaytirishga va iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantirishga olib keladi. Shu bois oxirgi besh yilda bunyodkorlik hajmi 2 baravar koʻpaydi. 650 million dollarlik yangi mahsulotlar oʻzlashtirilgani hisobiga qurilishdagi import ulushi 31 foizdan 25 foizga kamaydi. Qurilish materiallari eksport bozori kengayib, 58 taga yetdi. Xorijda 20 dan ortiq savdo ombori, 50 dan ziyod doʻkonlar ochildi. Bu yil eksport miqdorini 1 milliard dollarga yetkazish moʻljallangan.

Davlatimiz rahbari shu yilning 23-sentyabrda qurilish industriyasi va qurilish materiallari tarmogʻini rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi boʻyicha oʻtkazgan videoselektorda mutasaddilarga sifatli qurilish materiallarini ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish borasida aniq vazifalarni belgilab bergandi. Bu yoʻnalishdagi amaliy ishlar Termiz shahrida ham sezilarli darajada ortmoqda.

— Termiz shahrini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida 2024-yilda umumiy qiymati 718,6 milliard soʻm boʻlgan 51 ta yangi loyiha ishga tushirilishi belgilangan, — deydi Termiz shahar hokimligi investitsiyalar, sanoat va savdo boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari Musirmon Temirov. — Buning evaziga 950 dan ziyod yangi ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan. Bugungi kunda amalda 241,5 milliard soʻmlik 29 ta loyiha ishga tushirilishi natijasida 495 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi. Toʻqqiz oylik yakuni boʻyicha 37,7 million AQSH dollari qiymatidagi xorij sarmoyalari oʻzlashtirildi. Yil yakunigacha qurilish materiallari ishlab chiqarishga qaratilgan qiymati 1,1 million AQSH dollariga teng 7 ta loyiha ishga tushirilishi va yuzdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilishi ham rejalashtirilgan.

“Magnat Colours” MCHJ amalga oshirayotgan umumiy qiymati 20 milliard soʻmlik loyihaning yillik mahsulot ishlab chiqarish hajmi 10 milliard soʻmni tashkil qiladi. Oʻrta hisobda 3 milliard soʻm iqtisodiy daromad oladigan korxonada 40 turga yaqin suvli boʻyoq va kafellar ishlab chiqariladi. Ayni paytda korxonada ijtimoiy daftarda turuvchi 30 nafar fuqaro doimiy ish bilan taʼminlangan. Ishchilarga qulaylik yaratish uchun bepul transport xizmati ham yoʻlga qoʻyilgan.

— Bugun shu sohadagi tadbirkorlarga, quruvchilarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar bizni quvontirmoqda, — deydi korxona bosh hisobchisi Erkin Xojiqulov. — Korxonamiz 2025-yilning dekabriga qadar turkiyalik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda yillik quvvati 20 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega yana bir loyihani amalga oshirilish boʻyicha qizgʻin ish olib bormoqda. Ushbu loyiha lak-boʻyoq ishlab chiqarishga qaratilgan boʻlib, uning amalga oshishi natijasida 30 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratiladi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar xorijga eksport qilinishi ham moʻljallangan.

Qurilish obyektlarining muhim komponenti boʻlgan oyna mahsulotlari ilgari Surxondaryo viloyatiga mamlakatimizning boshqa hududlaridan olib kelinar edi. Bugungi kunda vohaning ushbu qurilish mahsulotiga boʻlgan talabi shu yerning oʻzida qondirilmoqda.

— Qiymati 3 million AQSH dollariga teng boʻlgan korxonamizning yillik ishlab chiqarish quvvati 20 ming kvadrat metrdan ziyod, — deydi “GLASS EXPO” MCHJ rahbari Husan Muzrobov. — Bu yerda 50 taga yaqin ish oʻrinlari yaratilgan. Xitoy, Italiyadan olib kelingan zamonaviy texnologiya asosida yuqori sifatli mahsulotlarimiz ichki bozorga yoʻnaltirilmoqda. Bizga berilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, kelgusi yilda qoʻshimcha quvvatlarni ishga tushirish orqali ishchilarimiz sonini 80 nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Qoʻshni Afgʻoniston va Tojikiston bilan ham qator kelishuvlarga erishildi. Mahsulotlarimiz yaqin kelajakda eksportga ham yoʻnaltiriladi.

Ayni paytda Termiz shahrida ikkita — Yoshlik va Kattabogʻ mahallalari hududida Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyat yuritmoqda. Bu yerda ham import oʻrnini bosuvchi eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Misol uchun, Tinchlik sanoat zonasidagi loyihalarning moliyaviy dinamikasi 778 ming AQSH dollari tadbirkorning oʻz qoʻyilmasi boʻlsa, 1 million 231 ming AQSH dollari esa tijorat bankining kredit liniyasiga toʻgʻri keladi. Loyihalarning ishga tushirilishi natijasida 465 nafar yoshlar va ayollar daftarlarida roʻyxatda turuvchi fuqarolar doimiy ish bilan taʼminlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер