Qurilish sohasida ochiq va shaffof nazorat oʻrnatilishi zarur
Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi tomonidan Qurilish vazirligining tizimda korrupsiyaning oldini olish borasida amalga oshirgan ishlari yuzasidan eshituv tashkil etilgan edi. Qayd etish joiz, ushbu masala ayni paytda turli internet nashrlarida, ijtimoiy tarmoqlarda turli talqinda muhokama etilmoqda. Albatta, bu ushbu mavzuga jamoatchilik befarq emasligini, mavzu chindan bugungi kunda dolzarbligini koʻrsatadi.
Xoʻsh, qoʻmita eshituvida qanday masalalar oʻrtaga tashlandi? Qanday mulohazalar, takliflar ilgari surildi? Muxbirimiz bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud huquq masalalari qoʻmitasi aʼzosi Dilmurod ISMOILOVning fikrlari bilan qiziqdi.
— Oliy Majlis Qonunchilik palatasi korrupsiyaning oldini olish va korrupsiya koʻrinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirish borasida har yili oʻz oldiga aniq rejalarni belgilab oladi, — deydi deputat D. Ismoilov. — Shu nuqtayi nazardan, kechagi qoʻmita eshituvi parlament faoliyatining yil boshidan tasdiqlangan ish rejasi ijrosini taʼminlash maqsadida hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Qonunning 16-moddasiga asosan tashkil qilindi. Soʻnggi vaqtlarda mamlakatimizda roʻy berayotgan talafotlarda asosiy yoʻqotishlar qatorida uy-joy va boshqa qurilish obyektlari hissasi katta ekani ham tizimda bir qator muammolar mavjudligini koʻrsatadi.
Deputatlar eshituvda, eng avvalo, soha faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi normalar borligi hamda qurilish sohasini amalga oshirish jarayonida shaffof va oshkoralik taʼminlanmayotgani haqida oʻz fikrlarini bildirishdi.
Qurilish sifati nazorati pastligi, bu esa, oʻz navbatida, qurilish obyektlarini sifatsiz bitirib topshirish holatlari ham kuzatilayotgani taʼkidlandi. Shu bois bu jarayonni raqamlashtirish va qurilish jarayonining har bir bosqichini ochiq kuzatish imkonini yaratish lozimligi aytildi.
Namunali uy-joylarning qurilish sifatiga alohida toʻxtalib oʻtildi. Deputatlar bu jarayonda sifatsiz qurilishlar borligini, bu borada monopol tashkilotlar faoliyatiga barham berish kerakligini hamda sifatli qurilish materiallari bilan taʼminlashni nazorat qilishning yangi mexanizmini yaratish lozimligi haqida oʻz fikrlarini bildirishdi.
Shu bilan birga, qurilish sohasida korrupsiyani keltirib chiqaruvchi ayrim omillar haqida soʻz yuritildi. Deputatlar tomonidan asosli takliflar oʻrtaga tashlandi. Qurilish sohasida ochiq va shaffof nazorat oʻrnatilishi qurilish obyektlarida roʻy berishi mumkin boʻlgan hodisalarning bevosita oldini olishga xizmat qiladi. Zero, hodisa roʻy bergandan keyin uning muhokamasi emas, balki ushbu hodisani roʻy bermasligi uchun sohadagi tizimli kamchiliklarni bartaraf qilish borasida zarur choralarni koʻrish muhimroq.
Oʻz navbatida, bildirilgan fikr va xulosalar asosida Qurilish vazirligi mutasaddilariga mavjud muammolarni bartaraf qilish hamda sohani tubdan takomillashtirish boʻyicha parlament bilan doimiy hamkorlik qilish va tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqishga kelishib olindi.
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring