Qurilish materiallari ishlab chiqarishda innovatsiyalardan qay darajada foydalanilmoqda?
Illyustrativ foto
Bu haqda poytaxtimizda «Oʻzsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida batafsil maʼlumot berildi.
Qayd etildiki, mazkur yoʻnalishdagi ishlar Prezidentimizning 2019-yil 23-maydagi qaroriga muvofiq, yangi turdagi innovatsion qurilish materiallari texnologiyalarini yaratish maqsadida Respublika ilmiy-texnik kengashi faoliyati yoʻlga qoʻyilishi bilan yanada jadallashdi. Yaʼni 2019-2020-yillar mobaynida 10 ta yoʻnalish boʻyicha 50 ga yaqin innovatsion loyihalar ushbu kengashga koʻrib chiqish uchun taqdim etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan eʼlon qilingan va oʻtkazilgan tanlov natijalariga koʻra, umumiy moliyaviy hajmi 14,1 mlrd. soʻmlik 10 ta innovatsion loyiha kengashda ijobiy baholanib, moliyalashtirishga tavsiya etildi.
2019-2021-yillarda tarmoq korxonalarida yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi hamda mahsulotlarga muvofiqlik sertifikatlari (Sulfatga bardoshli portlandsement, portlandsement, kompozitsion portlandsement, tom yopish va devorlarni qoplash uchun sendvich (TPS-Z, TPS-S) panellari, shular jumlasidan) olindi.
Joriy yilda esa ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan qurilish materiallarining yangi turlarini yaratish boʻyicha yer osti konstruksiyalari uchun samarali korroziyaga chidamli beton tarkibini loyihalash va xossalarini optimallashtirish, mahalliy xom ashyolar va sanoat chiqindilari asosida raqobatbardosh oʻrama materiallar olish texnologiyasi, oʻsimlik polimerlari va uning asosida kompozitsion materiallar olish texnologiyasi kabi yoʻnalishlarda izlanishlar olib borilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasida qurilish materiallarining sifatini belgilovchi standartlar xalqaro talablar bilan uygʻunlashtirilmoqda hamda 5458 ta xalqaro standartlar qabul qilindi.
Bundan tashqari, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Eksportni rivojlantirish agentligi tomonidan 2020-yilda 4ta mahalliy qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalariga xalqaro standartlarga muvofiq boʻlgan ISO 9001, ISO 14001, ISO 45001, ISO 50001 menejment tizimlarini joriy etish boʻyicha 585,7 mln. soʻm miqdorida moliyaviy koʻmak koʻrsatildi.
«Oʻzsanoatqurilishmateriallari» uyushmasining “OʻzqurilishmaterialLITI” MCHJ ilmiy-tadqiqot va injiniring markazi mutaxassislari tomonidan professional taʼlim tizimini ilgʻor xorijiy tajribalar asosida takomillashtirish, boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim bosqichlarini joriy qilish orqali mehnat bozori uchun malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash hamda mazkur jarayonga ish beruvchilarni keng jalb qilish ishlari olib borildi.
Professional taʼlim tizimini ilgʻor xorijiy tajribalar asosida takomillashtirish, boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim bosqichlarini joriy qilish orqali mehnat bozori uchun malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash hamda mazkur jarayonga ish beruvchilarni keng jalb qilish maqsadida «Qizilqumsement» AJ, «Bekobodsement» AJ, «Oxangaronsement» AJ bilan hamkorlikda Qurilish materiallari sanoati tarmoq kvalifikatsion ramkasi ishlab chiqildi. Tizimda mavjud jami ishchi kasblarning 110 ta professional standartlari ishlab chiqildi va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligidan roʻyxatdan oʻtkazildi.
Shuningdek, professional taʼlim dasturlari YUNESKO tashkiloti tomonidan qabul qilingan Taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi (MSKO) darajalari bilan uygʻunlashtirildi, oʻquv jarayoniga Oʻzbekistonning Milliy kvalifikatsiya tizimi toʻlaqonli joriy etishga tayyorlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring