Qozogʻistonning yangi Konstitutsiyasi tasdiqlandi
Foto: Aqorda
Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 2026-yil 15-mart kuni umumxalq referendumida qabul qilingan yangi Konstitutsiyani amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida farmon imzoladi.
Farmonga muvofiq, yangi Konstitutsiya matni “Yegemen Qazaqstan” va “Kazaxstanskaya pravda” nashrlarida eʼlon qilinadi. Shuningdek, 1995-yil 30-avgustda qabul qilingan avvalgi Konstitutsiyaning asl nusxasi Qozogʻiston prezidenti arxiviga topshiriladi. Yangi Konstitutsiyaning asl nusxasi esa davlat rahbarida saqlanishi belgilandi.
Hujjatga koʻra, Markaziy referendum komissiyasi Konstitutsiya matnini Qozogʻiston Adliya vazirligi huzuridagi Qonunchilik va huquqiy axborot institutiga yuborishi kerak. Mazkur hujjat normativ-huquqiy hujjatlarning etalon nazorat bazasiga joylashtiriladi.
Farmon doirasida Prezident tashabbusi bilan parlament Majilisiga “Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti toʻgʻrisida” hamda “Qozogʻiston xalq kengashi toʻgʻrisida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihalari kiritiladi. Shuningdek, hukumat tomonidan “Poytaxt maqomi toʻgʻrisida” va “Maʼmuriy-hududiy tuzilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihalarini koʻrib chiqish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, Qozogʻiston hukumati va davlat idoralariga barcha normativ-huquqiy hujjatlarni yangi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish topshirildi. Hukumat 2026-yil 7-aprelga qadar Konstitutsiyani targʻib qilish boʻyicha alohida rejani ham tasdiqlashi kerak. Farmon uni imzolangan kundan boshlab kuchga kirdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring