Qozogʻistonda toʻgʻon yorilib ketdi
Qozogʻistonning Aqmola viloyatida joylashgan “Shoptikol” dambasi yorilib ketdi. Hodisa Qorgʻaljin tumanidagi Sabindi qishlogʻi yaqinida sodir boʻlgan. Bu haqda “Tengrinews” nashri “QazAvtoJol” kompaniyasi maʼlumotlariga tayanib xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, dambaning yorilishi oqibatida suv oqimi dalalar orqali yaqin aholi punkti tomon tarqalgan. Shuningdek, suv Ostana — Qorgʻaljin respublika ahamiyatiga ega avtomobil yoʻlining 75-kilometrida yoʻlni kesib oʻtgan.
“QazAvtoJol” maʼlumotiga koʻra, suv toshqiniga qaramay, avtomobil yoʻlining qoplamasi shikastlanmagan va transport harakati ochiqligicha qolmoqda.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda guvohlar tomonidan damba yorilishi aks etgan videolar tarqatilgan edi. Ularda erigan qor suvlari Ostana — Qorgʻaljin yoʻlining bir qismini yuvib ketgani iddao qilingan. Ammo mutasaddi tashkilot bu maʼlumotlarni rad etib, yoʻl butligi saqlanib qolganini maʼlum qildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring