Qoʻshnilardagi vaziyat: Bishkekda juma namozi bekor qilindi, Qozogʻistonda aholini emlash faol davom ettirilmoqda
Shu yilning 30-aprelidan boshlab Qirgʻiziston poytaxti Bishkek shahridagi masjidlarda juma namozini oʻqish yana taqiqlandi. Ushbu qaror Qirgʻiziston musulmonlari idorasi tomonidan davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati koʻrsatmalarini hisobga olgan holda qabul qilindi.
Musulmonlari idorasi dindorlarni ushbu choralarga toʻgʻri munosabatda boʻlishga va sanitariya qoidalariga rioya qilishga chaqirgan. Oʻtgan kun davomida Qirgʻizistonda yana 331 kishida virus aniqlangan.
Qozogʻistonda emlanganlar soni koʻpaymoqda. Bugungi kunga qadar milliondan ortiq aholi vaksina qabul qilgan. Emlab boʻlinganlarga elektron emlash pasportlari beriladi.
Mamlakat sogʻliqni saqlash vazirining aytishicha, respublika aholisining 60 foizi emlab boʻlingach, mamlakatda niqob rejimi bekor qilinishi mumkin.
“Aholini emlash bilan maksimal darajada qamrab olish uchun mingdan ortiq koʻchma punktlar ochildi, 11 mingga yaqin tibbiyot xodimlari ommaviy vaksinatsiyaga jalb qilindi. Emlash mamlakatda epidemiologik vaziyatni barqarorlashtirishga yordam beradi” deydi Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vaziri Aleksey Soy.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring