Qoʻshni davlatlardan olib kelingan 8,2 kg narkotik moddalar toʻxtatib qolindi
Videodan kadr
Qirgʻiziston va Tojikistondan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan 8,2 kg narkotik moddalar toʻxtatib qolindi, deb xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.
Maʼlum qilinishicha, DXXning Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi va ichki ishlar organlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida yashovchi, 30 yoshli shaxs Tojikistondan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan 896 gr “gashish” moddasini kelgusida sotish maqsadida Denov tumani hududidagi xufiya joyga yashirish uchun olib borayotgan vaqtida qoʻlga olingan.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning yashash xonadonidan ham 2 kg 260 gr “opiy” moddasi tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
DXX Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi, bojxona va ichki ishlar organlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa Namangan shahrida yashovchi, 38 yoshli, muqaddam sudlangan fuqaro boshqaruvidagi avtomashina toʻxtatilib, koʻzdan kechirilganda, uning salon qismida 2,9 kg “gashish” moddasi borligi maʼlum boʻlgan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, Qirgʻiziston fuqarosi tomonidan aylanma yoʻllar orqali Yangiqoʻrgʻon tumani hududiga yetkazib berilgan mazkur giyohvandlik vositasi Namangan shahrida sotilishi rejalashtirilgan.
Fargʻona viloyatida kuzatilgan holatda esa Margʻilon shahrida yashovchi, 52 yashar va Toshloq tumanida istiqomat qiluvchi, 74 yashar nafar fuqaro oʻzaro jinoiy til biriktirib, Tojikistondan olib kelingan 487 gr “gashish” moddasini 5 ming dollarga sotgan vaqtlarida DXX va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qoʻlga olindi.
Shuningdek, Toshloq tumanilik fuqaroning yashash xonadonidan 599 gr “gashish” moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
“Mazkur shaxslar muqaddam bir necha marotaba sudlangan boʻlishlariga qaramasdan, oʻz xatolaridan toʻgʻri xulosa chiqarishmagan”, deya taʼkidlangan xabarda.
Bu kabi qonunbuzilish holati Samarqand viloyatida ham qayd etilib, xususan, Urgut tumanida yashovchi, 42 yoshli, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun bir necha marotaba sudlangan shaxs Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan 982 gr “opiy” moddasini oʻzining jinoiy sherigi boʻlgan, 34 yoshli fuqaro bilan birga xaridorga 8 ming dollariga sotgan vaqtlarida ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring