Qoʻshni davlatdan noqonuniy olib kelingan biologik faol qoʻshimchalar fosh etildi

14:16 03 Aprel 2026 Jamiyat
325 0

Foto: DXX

Namangan shahrida qoʻshni davlatdan noqonuniy olib kelingan biologik faol qoʻshimchalar fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, DXX xodimlari tomonidan Ichki ishlar va Bojxona organlari bilan hamkorlikda Namangan shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda 1977-yilda tugʻilgan mahalliy fuqaro boshqaruvidagi “Damas” rusumli avtomashina koʻzdan kechirilgan.

Natijada, avtomashina salonida xorijda ishlab chiqarilgan, lekin, tegishli hujjatlari boʻlmagan 5 turdagi biologik faol qoʻshimchalar borligi maʼlum boʻlgan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu fuqaro va uning turmush oʻrtogʻi bergan koʻrsatmalarga koʻra, qoʻshni davlatdan aylanma yoʻllar orqali mamlakatimizga keltirilgan ushbu mahsulotlar Andijon viloyati hududida qirgʻizistonlik egasiga topshirilishi kerak boʻlgan.

Soʻngra tezkor tadbir davom ettirilib, Andijon viloyatining Oltinkoʻl tumanida biologik faol qoʻshimchalarni qabul qilib olgan vaqtida ularning haqiqiy egasi boʻlgan – Qirgʻiz Respublikasi Jalol-Obod viloyati Manas shahrida yashovchi, 1976-yilda tugʻilgan ayol hamda u bilan birga kelgan, Qoʻrgʻontepa tumanida istiqomat qiluvchi, 1982-yilda tugʻilgan tanishi ham ushlangan.

Aniqlanishicha, jami 2957 dona flakonda boʻlgan, kapsula koʻrinishidagi “Samyun Van”, “Cherniy tmin”, “Senna Mekkanskaya”, “Mumiye Altayskoye”, “Kist al-Xindi” nomli biologik faol qoʻshimchalarning umumiy qiymati 226 mln 343 ming soʻmni tashkil qiladi.

Hozirda holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер