Qorovulbozorda valyutafurush qoʻlga olindi
Illyustrativ foto
Mamlakatimizda noqonuniy valyuta savdosiga qarshi olib borilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, hali ham huquq-tartibot organlari tomonidan shunday ish bilan shugʻullanayotgan fuqarolar aniqlanmoqda. Jumladan, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Buxoro viloyati boshqarmasi, Qorovulbozor tuman boʻlimi hamda DXX Buxoro viloyati boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda ana shunday qoidabuzar fuqarolar fosh etildi.
Fuqaro I.S. Buxoro shahridagi I. Moʻminov koʻchasida joylashgan “Alyans“ kafesi oldida fuqaro Sh.S.ga har bir AQSH dollarini 8280 soʻmdan hisoblab, 8000 AQSH dollari sotayotganida qoʻlga olindi. Qoidabuzar jami 66 million 240 ming soʻmga sakkiz ming AQSH dollarini sotgan vaqtda ashyoviy dalil bilan ushlandi. Uning boshqaruvidagi avtomashina koʻzdan kechirilganda, noqonuniy valyuta savdosi natijasida olingan 7935 AQSH dollari, 45000 Rossiya rubli va 23 million 658 ming soʻm naqd pul borligi aniqlandi. Barcha valyutalar ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Buxoro viloyati boshqarmasi xabariga koʻra, mazkur holat yuzasidan fuqaro I.S.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida jinoyat ishi qoʻzgʻatilib surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring