Qoʻrgʻontepada yangi savdo majmuasi ish boshladi
Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Andijon viloyatida aholiga qulay sharoit yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar davom etmoqda. Qoʻrgʻontepa tumanida faoliyatini boshlagan “Baraka” savdo majmuasi bunga misoldir.
— 1,2 gektar maydonda barpo etilgan ushbu maskanda 114 ta savdo doʻkoni mavjud, — deydi majmua rahbari Akmaljon Maʼrufjonov. — Bundan tashqari 250 ta savdo rastasi tashkil etildi. Natijada hozirga qadar 220 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Tez orada ularning soni yana 200 taga ortadi.

Savdo majmuasida tadbirkorlar va xaridorlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Avtomobillar turarjoyi, kuzatuv kameralari, yongʻinning oldini olish tizimlari ham ishlab turibdi. Eʼtiborli jihati, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, savdo madaniyatini shakllantirish, xaridorlarga sifatli xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish maqsadida savdo qiluvchilardan olti oygacha ijara haqi talab qilinmaydi.
— Tuman markaziy dehqon va buyum bozorlari boshqa joyga koʻchirilgach, koʻchada savdo qilishimizga toʻgʻri keldi, — deydi yakka tartibdagi tadbirkor Sayyoraxon Botirova. — Buning uchun avtomobillar harakati faollashgan yoʻl yoqalarida, yogʻin-sochinda ishladik. Bu bizga ham, xaridorlarga ham qiyinchilik tugʻdirdi. Yangi savdo majmuasi foydalanishga topshirilgach, zamonaviy savdo rastalariga koʻchib oʻtdik.

Oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va kiyim-kechak savdosiga ixtisoslashgan ushbu majmuaning ishga tushirilishi xaridorlarga ham bir qancha qulayliklarni yaratdi. Endi ularning tuman markazidan tashqarida joylashgan bozorga qatnashiga hojat yoʻq.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring