Qoraqalpogʻistondagi narkologik bemorlarga yaratilgan sharoitlar amalda yaxshilanmadi – Ombudsman

16:36 04 Yanvar 2024 Jamiyat
380 0

Maʼlumki, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) hududlardagi mintaqaviy vakillari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga, jumladan majburiy davolash tibbiyot muassasalari, “Saxovat” va “Muruvvat” uylariga ham muntazam ravishda monitoring tashriflari amalga oshiriladi. Ushbu tashriflar jarayonida aniqlangan kamchiliklar Ombudsman tavsiyasiga koʻra muassasalar rahbariyati tomonidan darhol bartaraf etiladi. Baʼzi hollarda esa tegishli davlat tashkilotlariga Ombudsman tomonidan taqdimnomalar kiritilib, kamchiliklarni tuzatish yuzasidan choralar koʻrilganligi haqida tushuntirish xatlari olinadi. Ahamiyatlisi shundaki, ushbu xatlarda keltirilgan vajlar, albatta, joyiga chiqib qayta oʻrganiladi.

Ombudsmanning Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi mintaqaviy vakili tomonidan Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Taxiatosh tumani filialida oʻtkazilgan monitoring tashriflarida u yerda saqlanayotgan bemorlarga yaratilgan sharoitlar belgilangan talablarga javob bermasligi aniqlangan edi.

Ushbu holatlarni bartaraf etish yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligiga 2 marotaba Ombudsman taqdimnomasi kiritilgan.

Vazirlikning javob xatiga koʻra, 2018–2020-yillar mobaynida ushbu muassasani taʼmirlash uchun jami 1,6 mlrd.soʻmdan ortiq mablagʻ hisobiga taʼmirlash ishlari olib borilgan. Bemorlar uchun esa 725,2 mln.soʻmdan ortiq mablagʻga kerakli qattiq va yumshoq inventarlar xarid qilingan. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3 oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga narkologik yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qaroriga muvofiq, ushbu muassasani rekonstruksiya qilish ishlari uchun 10,0 mlrd.soʻm mablagʻ ajratish belgilangan.

Mazkur javob xatida Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Taxiatosh tumani filialini boshqa binoga koʻchirilishi boʻyicha choralar amalga oshirilayotganligi qayd etilgan.

2023-yil oxirida Ombudsmanning Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi mintaqaviy vakili ushbu muassasaga qayta monitoring tashrifini amalga oshirdi. Tashrifda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputati, “Yuksalish” umummilliy harakati Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy boʻlinmasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi va vakillari ishtirok etdi. Tashrif davomida tibbiyot markazida bemorlarga yaratilgan sharoitlar bartaraf etilmagani maʼlum boʻldi. Xususan, oʻrganish kuni 75 nafar shaxsga moʻljallangan muassasada 157 nafar bemor davolanayotgani aniqlangan.

Shuningdek, muassasa binosi toʻliq kapital taʼmirtalab holda boʻlib, hududda obodonlashtirish ishlari olib borilmaganligi va bemorlarni ochiq havoda sayr qilish maydoni ham talab darajasida emasligi, filialning barcha qavatlaridagi yuvinish xonalarida issiq suv mavjud emasligi, davolanish xonalarida krovatlar zich joylashtirilganligi va asbob-uskunalarning yaroqsiz holatda ekanligi, hattoki, ovqatlanish xonasi tashkil etilmagani, maxsus idishlarning yoʻqligi sababli bemorlarning ovqatlanishi uchun oʻzlari tomonidan olib kelingan idishlardan foydalanayotganligi maʼlum boʻldi.

Monitoring davomida Ombudsmanning mintaqaviy vakili darhol elektr isitish qurilmasining almashtirilishini talab qilgani sababli, issiq suv masalasi joyida hal etildi.

Oʻrganishlar tegishli masʼullarning eʼtiborsizligi oqibatida muassasadagi bemorlar noqulay sharoitlarda davolanishga majbur boʻlayotganligini koʻrsatmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Ombudsman tegishli masʼul vazirlikni zudlik bilan choralar koʻrishga chaqiradi hamda ushbu muassasaga ajratilgan mablagʻlardan samarali va maqsadli foydalanganlik holatini oʻrganishni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер