Qoraqalpog‘istonda “Amudaryo kuni” tadbiri doirasida dengiziga sayohat uyushtirildi

13:21 28 Aprel 2023 Jamiyat
1639 0

Foto: “Xalq so‘zi”

Qoraqalpog‘iston Respublikasida AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi bilan xamkorlikda Suv resurslari va atrof muhit bo‘yicha mintaqaviy loyihasi doirasida “Amudaryo kuni” o‘tkazilmoqda.

USAIDning loyiha doirasida tashkil qilingan milliy tarmoqlararo qo‘mitasi a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi hamda tizim tashkilotlari vakillari va boshqa tadbir ishtirokchilari dastlab, kuni Mo‘ynoq tumaniga tashrif buyurib, “Kemalar qabristoni” nomini olgan  – “Ochiq osmon ostidagi kemalar muzeyi majmuasi”da bo‘lishdi.

Mehmonlar ushbu majmuadagi zanglagan kemalarni ko‘zdan kechirar ekanlar, Orol dengizi qurishi bejizga yigirmanchi asrning dunyodagi eng yirik ekologik fojialardan biri sifatida qaralishiga amin bo‘ldilar.

-Mana bu kemalar va Orol dengizining oldingi holati haqidagi filmni ko‘rib, suv resurlarini noto‘g‘ri boshqarish mintaqa, ta’bir joiz bo‘lsa, butun insoniyat uchun qanchalik katta ekologik inqirozni yuzaga kelishiga sabab bo‘lganini yanada teranroq anglamoqdamiz, - deydi tadbir ishtirokchilaridan biri, “Podshoota” daryosining o‘zbek qismi uchun Kichik havza kengashi raisi Abduvaxob Botirov. –Mo‘ynoqning ayrim joylariga yillab suv kelmasligini ko‘rib, o‘zimiz uchun mavjud suvlardan yanada samarali foydalanish zarurligini yurakdan his qildim. O‘zimdan misolki, televideniye yoki boshqa axborot vositalarida tomosha qilgandan, kelib  ko‘rgan o‘rtasidagi taassurot butunlay farq qilar ekan. Mo‘ynoq, Orol dengizi - kelib ko‘rish kerak bo‘lgan hududlar ro‘yhatidan bejiz o‘rin olmaganiga ishonchim komil bo‘ldi.

Tadbir ishtirokchilari 25 aprel kuni tong saharlab “yo‘l tanlamas” mashinalarda dengiz tomon yo‘lga chiqdilar.

Ma’lumki, Prezidentimizning tashabbusi bilan 2017 yildan boshlab  Orol dengizning qurigan tubida saksovul, cherkez, qandim kabi sho‘rga va qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar ekish ishlari boshlangan edi.

Tadbir ishtirokchilari qurigan dengiz tubiga ekilgan saksovullarning bugungi o‘sib rivojlanish holatlari bilan ham tanishdilar.

Mehmonlarga Qoraqalpoq davlat universitetining professori  Polat Reymov 2017-2018 yillardan boshlab bugungacha dengizning qurigan tubida yashil qoplamalarni barpo qilish ishlari jadal olib borilayotgani va uning natijalarini hozirda sahroda bunyod bo‘layotgan, ya’ni bo‘yi 1,5-2 metrgacha o‘sib yetgan saksovullar misolida tushuntirib berdi. Olimning ta’kidlashicha, qurigan dengiz hududida barpo etilayotgan saksovulzor shamol tezligini sezilarli darajada kamaytirib, qum ko‘chishlariga barham bermoqda. Bundan tashqari, daraxt va buta turlari havoni tozalash xususiyatiga ham ega.

Mashinalarda qiyalik va qumli yo‘llardan borardik. Avtoulov boshqaruvchilari ham sayyohlarni ekstremal turizm ob’yekti hisoblangan dengiz tomon olib kelaverib tajribalari oshgan. Mabodo mashinalar shinasiga zarar yetsa joyida tuzatishyapti, yonilg‘isi tugasa qo‘shimcha yonilg‘i qo‘yilayapti, xullas birgalikda Orol sari yurmoqdamiz.

 Bir payt uzoqdan oq va ko‘k ranglar, daraxtlar chayqalishiga o‘xshash tasvirlar ko‘rindi. Avtomashinalar oynalari yuzasiga o‘tirib qolgan qum-changlarda ushbu yashillik daraxtzorga ham o‘xshab ko‘rinar edi...

Ha, bu Orol dengizi, oq ranglar mavjlanlangan to‘lqinlardan paydo bo‘lgan ko‘piklar ekan. Botqoqlik sabab mashinalar qirg‘oqdan olisroqda to‘xtadi. Mashinalardan tushayotgan tadbir ishtirokchilari biron so‘z demasdan dengiz tomon yura boshladilar...

Orol dengizi haqida gap ketganda ko‘pincha “borib ko‘rganmisiz”, degan savolga afsus va xijolat bilan “yo‘q” deb javob berardim.  Mana bugun dengizni ko‘rdim. (Keyinchalik suviga tushib ko‘rdingmi, degan savolga ham “ha” deyish uchun suviga ham tushib ko‘rdim). Afsuski, dengizning qolgan qismi ham tobora chekinib, suvi kamayib bormoqda. Chamasi 2 yilcha oldin suvdan chiqishga mo‘ljallab qurilgan taxta ustunlardan  hozir suv 10 metrcha chekingani va 1 metrga yaqin paasaygani ko‘rinib turardi. Ha, Orol dengizining saqlanib qolgan qismini albatta kelib ko‘rish, o‘zgacha taassurotlar uyg‘otishi, suvga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirishiga shubham yo‘q.

Tadbir ishtirokchilari ham xuddi men kabi Orol dengizning suv saqlanib qolgan hududiga ilk bor kelishganini va bu boradagi o‘zlarining fikrlarini televideniyega ndan ini va bu taassurotlarini gapirib berishdi. Bu haqda video materiallar asosida qo‘shimcha ma’lumot berishga harakat qilamiz.

Tadbir ishtirokchilari bir tomoni Ustyurt kengliklari va bir tomni Qo‘ng‘irot tumaniga tutash bo‘lgan Sudoche ko‘lini ham borib tomosha qildilar. Hozirda ushbu hududda ekologik qiymatga ega bo‘lgan tabiiy ob’yektlar va majmualarni, hayvonlarning noyob turlarini saqlab qolish hamda ularni qayta tiklash maqsadida umumiy maydoni 280 507 gektar bo‘lgan davlat tabiatni muhofaza qilish muassasasi shaklidagi «Sudoche-Akpetki» davlat buyurtma qo‘riqxonasi tashkil etilgan.

“Amudaryo kuni” munosabati bilan Qoraqalpog‘istonda o‘tkazilayotgan tadbirlar davom qilmoqda.

Gʻayrat Otajonov,

“Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер