Qoraqalpogʻiston Respublikasida “Nafosat” festivali boʻlib oʻtdi
Qoraqalpogʻiston Respublikasida aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida kiyinish madaniyati targʻibotini tashkil etishga qaratilgan “Nafosat” festivali oʻtkazildi.
Ushbu festival bugunga qadar bir necha viloyatlarda va tumanlarda oʻtkazilib, hududlardagi yuzlab isteʼdodli dizaynerlar va yoshlarni bir necha kunga boʻlsa-da, birlashib oʻzaro fikr almashishlariga sharoit yaratdi.
“Nafosat” festivali, aholi, ayniqsa, yoshlar, tadbirkorlik, dizaynerlik sohasida faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar, chet ellik mehmonlar tomonidan juda katta qiziqish bilan kutib olindi.
Unda 600 dan ortiq yosh dizaynerlar, hunarmandchilik, toʻqimachilik va dizayn sohasida oʻz biznesini yoʻlga qoʻygan, yangi oʻzbek brendini yaratayotgan tajribali soha vakillari ishtirok etdilar va oʻzaro tajriba almashdilar.
Festival doirasida boʻlib oʻtgan davra suhbatlari, ijtimoiy soʻrovlar, milliy va zamonaviy moda koʻrgazmalari yosh avlodning, xotin-qizlarimizning zamonaviy moda, kiyinish madaniyati, milliy anʼanalar haqidagi fikrlarini yana bir bor oʻrganish va haqiqiy holatga baho berish, ular orasidagi yangidan yangi qobiliyat egalarini topish imkonini berdi.
Unda Oliy Majlis Senati va Oʻzbekiston Respublikasining Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi, Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi, «Oʻztoʻqimachiliksanoat» uyushmasi mutasaddilari, soha mutaxassislari va yosh dizaynerlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi T. Narbayeva ishtirok etdi va nutq soʻzladi.

Festival doirasida “Yoshlar modasi, anʼanalar va zamonaviy yoʻnalishlar” mavzusida davra suhbati oʻtkazilib, unda bugungi kunda moda sohasidagi yangiliklar, kelgusida mazkur yoʻnalishni yana-da rivojlantirish borasidagi rejalar, qolaversa, dizaynerlar tomonidan milliylikni oʻzida mujassam etgan ijod namunalarini yaratish va ularning targʻibotini olib borish toʻgʻrisida oʻzaro fikr almashildi.
Shuningdek, “Zamonaviy oʻzbek ayolining imiji” mavzusida aholi va yoshlar oʻrtasida soʻrovnoma hamda suhbatlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq shahrida yosh dizaynerlar va rassomlar oʻrtasida milliy hamda zamonaviy eskizlar chizish boʻyicha tanlov, mahalliy va xorijiy dizaynerlar, yoshlar hamda mutaxassislar ishtirokida matbuot anjumani va boshqa koʻplab tadbirlar oʻtkazildi.
Bundan tashqari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi dizaynerlari va hunarmandlari tomonidan yaratilgan milliy va zamonaviy liboslar koʻrgazmasining ochilishi boʻlib oʻtdi.
Festivalda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro viloyatlari yetakchi brendlari va dizaynerlari tomonidan tayyorlangan “Zamonaviy oʻzbek modasi, anʼanalar va yangi dizaynlar” modalar namoyishi ham yigʻilganlarning diqqat markazida boʻldi.
Tadbir davomida ishlab chiqarish korxonalari faoliyati toʻgʻrisidagi videorolik namoyish etildi hamda “Xotin-qizlar va yoshlarning kiyinish madaniyati” mavzusida seminar-trening oʻtkazildi. Sohaning yetakchi mutaxassislari tomonidan oʻzbek milliy modasini shakllantirish, yoshlar oʻrtasida milliy qadriyatlarimiz va anʼanalarimizga begona boʻlgan ommaviy madaniyatning salbiy oqibatlarining oldini olish boʻyicha fikrlar bildirishdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring