Qoraqalpogʻiston Respublikasida 90 nafar OAV vakili akkreditatsiyadan oʻtkazilgani maʼlum qilindi
Foto: “Xalq soʻzi”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi 1-Qoraqalpogʻiston okrug saylov komissiyasida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani oʻtkazildi.
Tadbirda okrug saylov komissiyasi raisi T. Atamuratov shu yilning 9-iyul kuni oʻtkaziladigan Prezident sayloviga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berdi.
Mazkur siyosiy jarayonning ochiq va oshkora oʻtishini taʼminlashda, unga tayyorgarlik jarayonlarini keng yoritib borishda ommaviy axborot vositalarining oʻrni muhimligi qayd etildi. Bu borada jurnalistlarga axborotlarni tezkor yetkazish maqsadida 1-Qoraqalpogʻiston okrug saylov komissiyasining Matbuot markazi tashkil etilib, unga tajribali, oldin shu kabi siyosiy tadbirlarda ishtirok etgan 4 nafar jurnalist jalb etilgani maʼlum qilindi.
Taʼkidlanganidek, Prezident sayloviga tayyorgarlik koʻrish ishlari qizgʻin pallaga kirib bormoqda. Okrug saylov komissiyasi aʼzolarining 74 foizi oldin ham saylov va referendum jarayonlarida ishtirok qilgan tajribali xodimlardir. 1-Qoraqalpogʻiston okrugi hududida 654 ta saylov uchastkasi tuzilgan boʻlsa, mazkur saylov uchastkalariga mahalliy hokimlikning tavsiyasiga koʻra, siyosiy jarayonlarda tajribaga ega 6 ming 266 nafar komissiya aʼzosi tasdiqlandi. Ushbu komissiya aʼzolarining 50,9 foizi xotin-qizlardan iborat. Komissiya aʼzolari qoraqalpoq, oʻzbek, rus, turkman va boshqa millat vakillarini tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi Konstitutsiyaviy qonuni hamda “Saylov kodeksi”ga kiritilgan oʻzgartishga muvofiq, “Qamoqda saqlash joylarida ushlab turilgan hamda qamoqqa olingan shuningdek, jinoyat sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan saylov uchastkalaridagi saylovchilar roʻyxatiga kiritiladi.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga koʻra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkin. Saylov kodeksiga kiritilgan mazkur oʻzgarishga koʻra, joriy saylovda Qoʻngʻirot tumanidagi jazoni oʻtash muassasasida 360-sonli saylov uchastkasi tashkil etilgani qayd etib oʻtildi.
Saylov uchastkalarining binolari saylov qonunchiligida koʻrsatilgan talablarga toʻgʻri kelishi boʻyicha doimiy monitoring oʻrnatilgan. Nukus shahrida joylashgan 83 ta uchastkaning barchasi toʻliq koʻzdan kechirildi, aʼzolarimiz oʻzlariga biriktirilgan tumanlarga chiqib, saylov uchastkalarini kuzatmoqda.
Matbuot anjumanida 1-Qoraqalpogʻiston okrug saylov komissiyasining Matbuot markazi rahbari M.Qutlimuratov boʻlajak Prezident saylovini oʻtkazish bilan bogʻliq jarayonlarni yoritishga tayyorgarlik ishlariga toʻxtalib oʻtdi. Shuningdek, hozirgi kungacha Prezident saylovi jarayonlarini yoritishda ishtirok qilishni soʻrab murojaat qilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi 90 nafar ommaviy axborot vositasi vakili akkreditatsiyadan oʻtganligi maʼlum qilindi.
Tadbir yakunida jurnalistlar ushbu siyosiy tadbirga tayyorgarlik koʻrish va saylovni yoritish bilan bogʻliq jarayonlar haqida oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi.
Gʻayrat OTAJONOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring