Qorakoʻlda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi ish boshladi
Foto: “Xalq soʻzi”
Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Markaz faoliyati davlatimiz rahbarining shu yil 1-iyundagi “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kompleks chora – tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etildi.
Xabaringiz bor, joriy yil 30-aprel kuni umumxalq referendumi orqali yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz qabul qilingan edi. Unda mehnatga layoqatsiz va yolgʻiz keksalar, nogironligi boʻlgan fuqarolar hamda ehtiyojmand aholining boshqa qatlamlari haq–huquqlari davlat himoyasida ekanligi alohida norma tariqasida oʻz aksini topgan. Qorakoʻldagi yangi markaz shu norma hayotga izchil tadbiq etilayotgani ifodasidir.
— Jamoamiz zimmasiga har bir xonadonni oʻrganib, oilalardagi haqiqiy holatga oydinlik kiritish, ijtimoiy xizmatlar va yordamga boʻlgan ehtiyojni aniqlash, koʻmakka muhtoj fuqarolar bilan samarali ish olib borish kabi vazifalar yuklatilgan, – deydi mazkur markaz rahbari Rustam Choriyev. – Asosiy maqsad aholiga manzilli yordam koʻrsatish imkoniyatini kengaytirishdan iborat. Bugun foydalanishga topshirilgan binoda shu ezgu ishlarni amalga oshirish uchun kerakli barcha shart–sharoitlar yaratilgan.
Markazning ochilishiga bagʻishlab oʻtkazilgan marosimda soʻz olganlar yurtimizda aholini ijtimoiy muhofazaga olish masalasi davlatimizning doimiy eʼtiborida ekanini taʼkidlashdi. Toʻplanganlar binoda yaratilgan qulayliklar bilan tanishdilar. Shu hududda koʻchat oʻtqazish tadbiri ham oʻtkazildi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring