Yaqin toʻrt yilda Qorakoʻl tumanidagi “Yangi Oʻzbekiston” massivida yashovchi oilalar soni 1,4 mingtaga yetadi
Foto: “Xalq soʻzi”
Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanida barpo etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivida 240 xonadonga moʻljallangan koʻp qavatli turarjoylar qurilishi yakuniy bosqichga kirdi. Yaqin toʻrt yil mobaynida bu yerda qad rostlagan uylar soni 70 taga, mazkur shinam turar joylarda yashovchi oilalar soni esa 1 ming 400 tani tashkil etmoqda.
Tabiiyki, hududda shu jarayon bilan uzviy bogʻliq tarzda infratuzilma ham rivojlanmoqda. “Doʻrman” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi ushbu manzilda oilaviy poliklinika qurilishi poyoniga yetgan edi. Yaqinda 180 oʻrinli 43 – davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti binosi ham foydalanishga topshirildi. Bu zamonaviy maskan binosi qurilishi uchun 6,5 milliard soʻm mablagʻ sarflandi.
— Shinam yotoqxonalar, yozgi ayvonlar, mashgʻulot xonalarini koʻrib, beixtiyor bolaligim esimga tushib ketadi, — deydi mehnat faxriysi B. Jumayev. — Bunday qulayliklarni bizning yoshimizdagi avlod tasavvur ham qila olmasdi. Nevaralarimizning shunday zamonaviy shart-sharoitlarda oʻsib- ulgʻayayotganini koʻrib koʻnglimizda shukronalik hissini tuyayapmiz.
Muhimi, nafaqat Qorakoʻl, balki viloyat boʻyicha maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun yangi binolar qurish ishlari davom etmoqda. Viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasidan bizga maʼlum qilishlaricha, joriy yil yakuniga borib, Buxoroda bolajonlarni bogʻchalarga qamrab olish darajasini 90 foizga yetkazish koʻzda tutilgan.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring