Qonuniylik shaxsiy manfaatdan ustun boʻlishi kerak
Koʻp qavatli uylar loyihalashtirilayotganda har bir metr maydon, har bir kirish-chiqish yoʻlagi, hatto bolalar oʻynaydigan hovli hududigacha inson hayoti va xavfsizligi nuqtayi nazaridan hisob-kitob qilinadi. Muhandislar yorugʻlik tushishi, shamol aylanishi, yongʻin xavfsizligi, maxsus xizmat mashinalarining erkin harakati kabi omillarni inobatga oladi. Shuning uchun ham bunday uylarga keyinchalik oʻzboshimchalik bilan qoʻshilgan har qanday qurilma avvaldan rejalashtirilgan qulaylik va xavfsizlik tizimiga putur yetkazishi mumkin. Afsuski, ayrim fuqarolar bu jihatni yetarlicha anglamay, qonun talablarini chetlab oʻtishga urinayotgani kuzatilmoqda.

Andijon viloyatida koʻp qavatli uylardan foydalanishni nazorat qilish maqsadida oʻtkazilgan reyd tadbirlari aynan shu muammoning oldini olishga qaratildi. Xususan, Andijon tumanidagi “Obi hayot” va “Sanoat” mahalla fuqarolar yigʻinlarida joylashgan qariyb 40 ta koʻp qavatli uy atroflicha oʻrganildi. Nazorat jarayonida 52 ta huquqbuzarlik holati aniqlandi. Ularning ayrimlari uy konstruksiyasiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan darajada qoʻshimcha binolar qurib olingani bilan bogʻliq boʻlsa, boshqalari mumkin boʻlmagan joylarga tandir va oʻchoq qurish, ayvonlarni oʻzboshimchalik bilan kengaytirish kabi holatlardir. Ayrim hududlarda esa transport vositalari harakatiga xalal beruvchi toʻsiqlar oʻrnatilgani qayd etildi. Bu esa nafaqat qoʻshnilar uchun noqulaylik, balki favqulodda holatlarda tez yordam yoki yongʻin-qutqaruv xizmatlari harakatiga jiddiy toʻsiq boʻlishi mumkin.

Reyd davomida ayrim fuqarolar oʻz xatosini vaqtida anglab, noqonuniy qurilmalarni ixtiyoriy ravishda bartaraf etgani ijobiy holat sifatida baholandi. Ammo qonun talablariga beparvo munosabat bildirganlarga nisbatan tegishli choralar koʻrishga toʻgʻri keldi. Qurilish va kommunal xoʻjaligi nazorati viloyat hududiy inspeksiyasi shoʻba boshligʻi Azizbek Ahmedovning taʼkidlashicha, “Koʻp qavatli uy bu faqat bitta xonadon emas, balki oʻnlab oilalarning umumiy yashash muhitidir. Shuning uchun bir kishining oʻzboshimchaligi boshqalar xavfsizligiga tahdid solmasligi kerak”.
Mazkur tadbirlar jazolash uchun emas, avvalo, tartibni tiklash va aholi oʻrtasida huquqiy madaniyatni oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Zero, koʻp qavatli uy — umumiy makon. Unda qonuniylikka amal qilish esa har bir fuqaroning shaxsiy manfaatidan ham ustun turishi lozim.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring