Qonun qonunbuzarlikni yoqtirmaydi
Illyustrativ foto
“XALQ SOʻZI ONLINE”. Saminjon HUSANOV/Andijon. Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish borasida barcha sharoitlar yaratilmoqda. Bundan unumli foydalanayotgan aksariyat ishbilarmonlar nafaqat respublikamizda, balki, xorijda ham oʻz oʻrni, nufuziga ega boʻlib bormoqda. Biroq, besh barmoq barobar boʻlmagani kabi, tadbirkorlarimiz orasida ham qonun buzilishi holatlarini sodir etuvchilar topilib qolmoqda. Masalan, “Xonobod taʼminot savdo” ishlab chiqarish korxonasini olaylik.
Qoʻrgʻontepa tumanlararo iqtisodiy sudining ijro hujjatiga koʻra “Xonobod taʼminot savdo” ishlab chiqarish korxonasidan Xonobod shahar davlat soliq inspeksiyasi foydasiga 312 mln. 149 ming soʻm soliq qarzi undirish koʻrsatilgan. Majburiy ijro byurosi Xonobod shahar boʻlimi xodimlarining bir necha bor ogohlantirishlariga qaramay soliq qarzi toʻlanmagan. Shu sababByuro xodimlari tomonidan “Xonobod taʼminot savdo” ishlab chiqarish korxonasiga tegishli binoinshootlari xatlanib, sotuvga chiqarish choralari koʻrilmoqda.
343 mln. 482 ming soʻm soliq qarzini toʻlashi lozim boʻlgan “Sogdiana OIL” MCHJ ham oʻz muddatida qarzdorlikni bartaraf qilish chorasini koʻrmagan. Shu sabab uning Xonobod shahrida joylashgan 5 gektar yer maydoni va binoinshooti Byuroning Xonobod shahar boʻlimi xodimlari tomonidan xatlab qoʻyildi.
Shu oʻrinda aytish joizki, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish orqali mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirish koʻzda tutilgani holda, ishbilarmonlik muhitini shakllantirish nafaqat, iqtisodiyotni, balki, ijtimoiy holatni ham yuksaltiradi. Xulosa qilish mumkinki, oʻz faoliyatida ana shu amallarga rioya etmagan tadbirkorlar eng avvalo, yurtdoshlarimiz va mamlakatimiz iqtisodiy-ijtimoiy hayotining oqsashiga hissa qoʻshadilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring