Qonun loyihasi kun tartibidan nega chiqarildi?

19:09 07 Fevral 2022 Jamiyat
669 0

2022-yil 7-fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda Kengash aʼzolari Qonunchilik palatasi faoliyatiga doir bir qator muhim masalalarni atroflicha muhokama qildilar.

Kengash yigʻilishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 8-fevral kuni boʻlib oʻtadigan majlisi kun tartibidan oʻrin olgan masalalar birma-bir koʻrib chiqildi.

Xususan, “Oʻzbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi yuzasidan turli fikrlar bildirildi. Qizgʻin va amaliy ruhda kechgan munozaralarda OʻzLiDeP va “Adolat” SDP fraksiyalari qonun loyihasi yuzasidan berilgan savollarga yetarlicha javob olinmagani hamda undagi ayrim normalar jiddiy eʼtirozlarga sabab boʻlayotganini bildirib, uni qayta koʻrib chiqish taklifini ilgari surdi. 

Shu bois, Kengash aʼzolari mazkur hujjatni takomiliga yetkazishni maqsadga muvofiq, deb topdilar. Shundan kelib chiqib, qonun loyihasi kun tartibidan chiqarildi.

Uchta qonun loyihasi va qoʻshimcha masalalar kengash aʼzolari tomonidan atroflicha koʻrib chiqilib, yalpi majlis kun tartibiga kiritiladigan boʻldi. Xususan, sogʻliqni saqlash vaziri B. Musayevga “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish tadbirlari uchun ajratilgan mablagʻlarning oqilona sarflanishi boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida” Oliy Majlis Qonunchilik palatasining parlament soʻrovini yuborish, quyi palataning Sanoat, qurilish va savdo, Fan, taʼlim, madaniyat va sport, shuningdek Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitalarining 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi axborotini tinglash shular jumlasidandir.

Kengash aʼzolari shuningdek, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutining oʻtgan yilda amalga oshirgan ishlari haqidagi axborotni eshitdilar. Hisobot tahliliy koʻrib chiqilib, tanqidiy baholandi. Institut faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar berildi.

Yigʻilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер