Qonun loyihasi boʻyicha takliflar berildi

19:49 13 Mart 2023 Siyosat
648 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Fraksiya aʼzolari “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda muhokama qilishdi.

Qayd etilganidek, keyingi yillarda mamlakatimiz qishloq xoʻjaligini isloh qilish, sohaga bozor munosabatlarini keng joriy etish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va sotuvchi subyektlar oʻrtasidagi munosabatlarning huquqiy asosini mustahkamlash borasida samarali ishlar amalga oshirildi. Qishloq xoʻjaligida mehnat unumdorligini oshirish va manfaatdorlikni taʼminlashga qaratilgan qulay agrobiznes muhiti yaratildi.

Deputatlar mazkur qonun loyihasi fermer xoʻjaliklari tomonidan yer va suv resurslaridan samarali foydalanish va ularning manfaatdorligini oshirishga xizmat qilishini alohida taʼkidlagan holda, 17-moddaga kiritilayotgan oʻzgartishga eʼtibor qaratdi.

Fermer xoʻjaligining majburiyatlari, deb nomlangan mazkur moddada suvni tejash, suv resurslaridan maqsadli va oqilona foydalanish chora-tadbirlarini koʻrish maqsadida fermer xoʻjaliklari fermerlararo ichki sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlarini, ulardagi inshootlarni taʼmirlash hamda tiklashda ishtirok etishi, ularni texnik jihatdan soz holatda saqlashi, ulardan foydalanishning belgilangan qoidalariga rioya etishi belgilanmoqda.

Deputatlar mazkur oʻzgartirish fermer xoʻjaliklariga qoʻshimcha yuk yoki majburiyat yuklab qoʻyishi ehtimolini yuzaga keltirishi mumkinligi yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi. Qonun loyihasi moddama-modda koʻrib chiqilib, muhokama qilingach, taklif va tavsiyalar berilib, deputatlar tomonidan maʼqullandi.

Yigʻilishda, shuningdek, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari tizimini takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ham koʻrib chiqildi. Qonun kripto-aktivlar aylanmasi sohasini yanada rivojlantirish hamda mazkur sohada litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.

Deputatlar loyihani muhokama qilar ekan, sohaga oid koʻplab terminlar ishlatilganiga qaramay, ularga izoh berib ketilmagani, buning oqibatida qonunning mazmun-mohiyatini tushunish qiyin boʻlib qolganiga eʼtiroz bildirdi. Shunga qaramay, kripto-aktivlar aylanmasi sohasini tartibga solish zarurati nuqtai-nazaridan loyiha qoʻllab-quvatlandi.

Fraksiya yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. Ramatovga “Hududlarda qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini toʻxtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida” Qonunchilik palatasining parlament soʻrovini yuborish haqidagi masala ham koʻrib chiqildi. Mavzuning dolzarbligi inobatga olinib, mazkur taklif deputatlar tomonidan maʼqullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер