Qonun hujjatlarini tartibga solish taʼsirini baholash tizimi joriy etiladi

09:03 25 Sentyabr 2020 Hujjatlar
1213 0

“Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident Farmoni qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Farmon bilan Prezidentning 500 ga yaqin eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan hujjatlari bekor qilindi.

Farmonga muvofiq, quyidagilar amalga oshiriladi:

— Oliy Majlis palatalari, Prezident, Hukumat va mahalliy davlat hokimiyati organlarining individual va tashkiliy tusdagi hujjatlarini normativ-huquqiy hujjatlardan farqlash mezonlarini belgilash;

— yangi tahrirdagi qonun hujjatini qabul qilish oʻrniga yangi qonun hujjatini qabul qilish amaliyotini joriy etish;

— Prezident va Hukumatning rasmiy sanalarni nishonlashda ishlanmaydigan kunni belgilash, dam olish kunini koʻchirish hamda tadbirlarni oʻtkazish haqidagi hujjatlarini yil yakuni boʻyicha oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish amaliyotini joriy qilish;

— qonunchilik bazasini xatlovdan oʻtkazish va uni tizimlashtirish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqish.

Shuningdek, Farmonga koʻra:

— qonun hujjatlari loyihalarini tartibga solishning taʼsirini baholash loyihani ishlab chiqqan tashkilotlar tomonidan regulation.gov.uz portali orqali;

— amaldagi qonun hujjatlarining tartibga solish taʼsirini baholash huquqiy monitoring boʻyicha elektron maydonchadan foydalangan holda;

— mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining tartibga solish taʼsirini baholash “E-Qaror” yagona elektron tizimdan foydalangan holda amalga oshiriladi.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibga solish taʼsirini baholash boʻyicha tahliliy materiallar qonun hujjatlari loyihalariga ilova qilinishi shart:

— muammo tahlili va hal etish yoʻllari;

— raqobatga taʼsirning bahosi;

— yangi tartibga solish vositalari va ularni joriy etishning ehtimoliy oqibatlari prognozi va bahosi;

— fuqarolar va tadbirkorlar uchun foyda va xarajat tahlili.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер