Qonun hukmron boʻlgan jamiyatda inson qadri, huquq va manfaatlari taʼminlanadi

10:51 08 Yanvar 2025 Jamiyat
355 0

8-yanvar — Prokuratura organlari xodimlari kuni

Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida amalga oshirayotgan barcha islohotlarda qonun ustuvorligini taʼminlash hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, qonun hukmron boʻlgan jamiyatda albatta adolat, siyosiy-ijtimoiy barqarorlik, iqtisodiy oʻsish va yuksalish boʻladi, inson qadri, huquq va manfaatlari taʼminlanadi.

Shuni alohida qayd etish joizki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev asos solgan taraqqiyotimizning yangi bosqichida jamiyatda adolatni qaror toptirish, qonuniylikni mustahkamlash hamda inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha keng qamrovli va misli koʻrilmagan islohotlar amalga oshirilmoqda.

Soʻnggi sakkiz yilda prokuratura organlari faoliyati bilan bogʻliq oʻnlab qonun, farmon, qaror va farmoyish qabul qilindi. Mazkur huquqiy hujjatlar asosida prokuratura sohasini tubdan isloh etish, bu borada ochiqlik va adolatga asoslangan, fuqarolar va jamiyat manfaatiga xizmat qiladigan, xalqparvar qarorlar qabul qilish, oʻz nazariy va amaliy maktabiga, fidoyi va professional xodimlar korpusiga ega boʻlgan tizimni shakllantirish boʻyicha ulkan ishlarni amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, Yurtboshimiz Prezident sifatida imzolagan birinchi qonun — 2016-yil 19-dekabrdagi Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi qonuni prokuratura organlarida xizmat qiladigan barcha xodimlar, jumladan, faxriylari qalbidagi orzu-umidlar roʻyobga chiqqan qutlugʻ sana sifatida muhrlandi.

Islohotlar samarasida Konstitutsiyamizda mustahkamlangan huquq va erkinlarini ishonchli himoya qilishda, qonuniylikni taʼminlash, jinoyatchilikning oldini olishda prokuratura organlarining ahamiyati tobora ortib bormoqda. Buni xalq bilan ochiq muloqot qilish, aholi muammolarini chuqur oʻrganish va hal etish, inson huquq va erkinliklarini muhofaza qilish soha xodimlarining eng asosiy va kundalik vazifasiga aylanganidan ham bilsa boʻladi.

Haqiqatdan, prokuraturaning qonunlar ijrosi ustidan nazorat olib borish faoliyati tubdan oʻzgartirildi. Ilgari qonun buzilishi holatlarini aniqlash va jazolashga asosiy oʻrin berilgan boʻlsa, endilikda asosiy eʼtibor bunday holatlarning oldini olish, mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilayotgani, ayniqsa, eʼtiborlidir.

Kishini quvontiradigan eng muhim jihat — prokuratura tizimi bilan hamohang tarzda odamlarimizning unga nisbatan munosabati ham oʻzgarganini anglash mumkin. Bugungi kunda fuqarolar prokuratura timsolida “jazolovchi idorani” emas, balki aholi va tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini tiklashga koʻmaklashadigan, ularning dardiga sherik, madadkor boʻlishga harakat qiladigan xalqparvar tuzilmani koʻrmoqda.

Buni birgina 2024-yilning yanvar — noyabr oylarida prokuratura organlari tomonidan 250 ming 590 ta murojaat ijobiy hal etilib, 54 mingdan ortiq fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangani, minglab tadbirkorning muammolariga yechim topilgani ham tasdiqlaydi.

Bugungi kunda barcha hududlarda boʻlgani kabi Surxon vohasida ham tadbirkorlik va investitsiya, qurilish yoʻnalishlarida, yer resurslaridan foydalanishda qonun buzilishining oldini olish, xotin-qizlar va yoshlar huquqlarini taʼminlash hamda ularni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish, yoqilgʻi-energetika va ekologiya, madaniy meros va sport sohalarida qonun ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan samarali prokuror nazorati tizimi yoʻlga qoʻyildi va oʻz ijobiy natijalarini bermoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining viloyat boshqarmasi tomonidan oʻtgan davrda 583 dan ziyod huquqbuzarlik va jinoyatga chek qoʻyildi, davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan 257 milliard 016 million 438 ming soʻm zarar undirildi.

Ayniqsa, prokuratura huzurida Majburiy ijro byurosining tashkil etilishi ijro ishini yuritish boʻyicha mavjud tartibsizliklarga barham berib, qatʼiy intizom oʻrnatishga imkon yaratdi.

Shu oʻrinda, prokuratura organlari xodimlarini kasb bayrami bilan tabriklab, har bir xodimi Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, olijanob xalqimizning haqiqiy himoyachisi, adolat va qonuniylik posboni boʻlib, faqat va faqat xalq manfaati yoʻlida ogʻishmay xizmat qilishlarida muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

Zero, prokuratura xodimlari qonun himoyasi — bu xalq va Vatan himoyasi kabi muqaddas burch ekanini chuqur anglaydi, zimmamizdagi gʻoyat masʼuliyatli va sharafli vazifani bundan buyon ham samarali, vijdonan ado etamiz.

Xurshid MOʻMINOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining

Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari,

“Jasorat” medali sohibi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер