Qonun bilan amaldagi Bojxona kodeksining 81 ta moddasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda
Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun muhokama markazida boʻldi. Qayd etilganidek, Qonun bilan amaldagi Bojxona kodeksining 81 ta moddasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Jumladan, 70 ta moddaga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilib, 10 ta yangi modda bilan toʻldirilmoqda va 1 ta modda chiqarib tashlanmoqda.
Taklif etilayotgan asosiy oʻzgartirish va qoʻshimchalar quyidagilardan iborat:
Bojxona nazoratini soddalashtirish yoʻnalishida bojxona rasmiylashtiruvi muddati 3 kundan 1 kunga qisqartirilmoqda, tovar va transport vositalarini tegishli bojxona rejimlariga joylashtirish maqsadida talab etiladigan ruxsatnomalar berish tartibi bekor qilinmoqda.
Shuningdek, qayta ishlash natijasida hosil boʻladigan tovarlarning chiqish normasini vakolatli shaxslar tomonidan belgilashning huquqiy asosi belgilanmoqda.
Bojxona toʻlovlari toʻlanishini soddalashtirish yoʻnalishida esa, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda soliq solishdan ozod etiladigan tovarlar roʻyxati muvofiqlashtirilmoqda.
Bundan tashqari, Bojxona kodeksi yangi moddalar bilan toʻldirilmoqda. Xususan, bojxona va tadbirkorlar oʻrtasidagi nizolarni sudgacha hal qilish boʻyicha yangi tizim kiritilmoqda.
Qayd etish lozimki, Bojxona organlarining xatti-harakatlari bilan bogʻliq 2019-yilda 15 ta va 2020-yilda 29 ta nizoli ishlar maʼmuriy sudlar tomonidan koʻrib chiqilgan boʻlib, bu tadbirkorlarning turli sud instansiyalaridagi ovoragarchiligiga sabab boʻlgan.
Taklif etilayotgan yangi tizim yordamida mavjud nizolarni dastlab bojxona organlarida hal etish va bu orqali sudda koʻrilayotgan nizolarni oʻrtacha ikki barobarga qisqartirishga erishiladi.
Qonunning qabul qilinishi bojxona ishi sohasidagi umumeʼtirof etilgan xalqaro norma va standartlar milliy qonunchilikka implementatsiya qilinishi hamda Bojxona kodeksida mavjud huquqiy boʻshliqlar toʻldirilishiga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring