Qoʻmita majlisida huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasini tartibga soluvchi qonun har tomonlama muhokama qilindi

20:44 21 Dekabr 2022 Siyosat
561 0

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Joriy yil 21-dekabr kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Senat aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari doimiy komissiyalari raislari, Qoʻmita huzuridagi ekspertlar guruhi aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama qilinishi rejalashtirilgan qonun va masalalarga eʼtibor qaratildi.

Xususan, ishtirokchilar majlis avvalida 2023-yilga moʻljallangan Davlat byudjeti masalalarini dastlabki tarzda koʻrib chiqdi, shundan soʻng yangi tahrirdagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi Qonun hamda Qurolli Kuchlarni rivojlantirish, mamlakat mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlanishi va Mudofaa vazirligi tizimida fuqarolar murojaatlari bilan ishlash holatiga oid masalalarni muhokama qildi.

Qayd etilganidek, yangi tahrirdagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi Qonunda huquqbuzarliklar profilaktikasining asosiy vazifalari va prinsiplari belgilangan. Huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi subyektlar doirasi, ularning vakolatlari, faol ishtirok etuvchi fuqarolar va nodavlat notijorat tashkilotlarini ragʻbatlantirish tartibi mustahkamlangan. NNT, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, OAV va fuqarolar ishtirokiga oid masalalar yoritilgan, huquqbuzarliklarning umumiy, yakka tartibdagi, viktimologik profilaktikasi va huquqbuzarliklarning maxsus profilaktikasi kabi turlari belgilangan va ularni qoʻllash shartlari va asoslari ochib berilgan.

Shunday boʻlsada, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan tegishli soha mutaxassislari, ekspertlar, olimlar ishtirokida oʻtkazilgan muhokamalar tahlili shuni koʻrsatdiki, Qonunda qayta koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan bir qator masalalar mavjud boʻlib, Qoʻmita majlisida ayni shu jihatlarga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Xususan, muhokama qilinayotgan qonun bilan “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi Qonunning yosh boʻyicha normalarida nomuvofiqlik mavjud, yaʼni voyaga yetmaganlar va 21 yoshgacha boʻlgan shaxslar bilan bogʻliq munosabatlarga har ikkala qonunda yagona va maqbul yondashuvni ifoda etish lozim. Zotan, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi Qonunda voyaga yetmaganlarga alohida urgʻu berilmoqda. “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi Qonunda esa 21 yoshgacha boʻlgan shaxslarga xuddi shu tarzda yondashilmoqda. Bunday nomuvofiqlik esa amaliyotda qonunlarni qoʻllash bilan bogʻliq jiddiy muammolarni yuzaga keltirishi mumkin.

Shuningdek, Qonunning 3-moddasida bayon etilgan asosiy tushunchalarda voyaga yetmagan nazoratsiz shaxs voyaga yetmagan shaxsning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari uni taʼminlash, tarbiyalash va unga taʼlim berish boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishdan boʻyin tovlaganligi yoki ularni lozim darajada bajarmaganligi oqibatida xulq-atvori nazoratsiz qolgan, voyaga yetmagan shaxs sifatida taʼriflangan.

Mazkur masalada voyaga yetmagan shaxsning ota-onasi tomonidan taʼminlash majburiyati turlicha tushunilishini inobatga olish lozim. Aynan Konstitutsiyaning 64-moddasiga muvofiq ota-onalarga oʻz farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalash majburiyati yuklatilgan.

Shunga asosan voyaga yetmagan nazoratsiz shaxs boʻyicha berilayotgan tushunchani Konstitutsiyaning 64-moddasiga muvofiqligi jihatdan qayta koʻrib chiqish zarur.

Bundan tashqari, Qonunning 43-moddasida rasmiy ogohlantirish tartibi va

48-moddasida shaxsni profilaktik hisobga qoʻyish tartibi belgilangan. Ularda rasmiy ogohlantirish va profilaktik hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi qaror shaxsga imzo qoʻydirib eʼlon qilinishi belgilanmoqda.

Biroq Konstitutsiyaning 30-moddasida barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslari fuqarolarga ularning huquq va manfaatlariga daxldor boʻlgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi lozimligi qayd etilgan.

Senatorlar taʼkidlaganidek, mazkur Qonun jiddiy qayta koʻrib chiqishga muhtoj va uning hozirgidek holatda maʼqullanishi amaliyotda samaradan koʻra koʻproq muammo tugʻdiradi.

Shundan soʻng Qoʻmita majlisida mamlakatimiz Qurolli Kuchlari qurilishi va uni yanada rivojlantirishning dolzarb muammolari, fuqarolarning harbiy xizmatni oʻtashi va mamlakat harbiy xavfsizligini taʼminlashga oid boshqa masalalar yuzasidan Mudofaa vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek 2022-yilning oʻtgan davrida Mudofaa vazirligi tizimida fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash holati eshitilib va muhokama qilindi.

Muhokamalar soʻnggida yuqoridagi har masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер