Qoʻli guldir qishloq ayolin

16:47 14 Oktyabr 2022 Jamiyat
1072 0

Foto: Xalq so‘zi

Namanganlik ayollar momomeros hunarlarni eʼzozlab, avlodlar osha davom ettirib kelishayotganidan faxrlanadilar. Masalan, Chustning boshga yarashib turadigan doʻppilari, gullar shahrida toʻqilayotgan adrasu atlas, Popda sayqal topayotgan kulolchilik buyumlari ayni qoʻli gul opa-singillarimizning quntu mehnati tufayli elga mashhur. Endilikda milliy hunarmandchilik Namangan viloyatining barcha hududlarida keng quloch yozmoqda. Bu 15-oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni oldidan Toʻraqoʻrgʻon tumanida tashkil etilgan “Eng namunali hunarmand ayol” koʻrik-tanlovida ham oʻz isbotini topdi.

Tanlovda tumandagi 67 mahallaning uy mehnati, doʻppidoʻzlik, kashtadoʻzlik, zardoʻzlik, tikuvchilik va toʻqimachilik, kulolchilik hamda sanʼat buyumlari yoʻnalishida oʻzini oʻzi band etgan ayollar bir manzilga jamlandilar.

Hunarmandchilik sir-asrorlarini puxta egallagan nozik jins vakilalarining koʻrsatsa arziydigan qoʻl mehnati namunalari salmogʻi katta. Birgina Ibrat nomidagi mahallada 8 nafar ayol hunarmandchilik faoliyati bilan xonadoniga baraka kiritmoqda. Ulardan biri Nigora Turdaliyeva koʻrpa-toʻshak tikish bilan band. MFYdagi hokim yordamchisi koʻmagida imtiyozli kredit olgan Nigora yoniga 10 nafar qoʻshnisini tortib, ishlab chiqarishini kengaytirdi. Yangihayot mahallasida istiqomat qilayotgan 62 yoshli Rohila aya Umarova tikayotgan belbogʻ, choyshab va boshqa tikuvchilik buyumlarining ham xaridori chaqqon. Turkiston mahallasidan Gulmira Toshmatova qoʻlidan chiqayotgan sopol buyumlar esa usta kulollar ijod mahsuli bilan bemalol bahslasha oladi. Tanlovda oʻzining xushboʻy iforli sunʼiy gullarini namoyish qilgan “Tepa Naymancha”lik Mahliyo Alijonovaning mahorati ham koʻpchilikni hayratga soldi.

— Qoʻlidan koʻp narsa keladigan qishloq ayoli bugun ijtimoiy hayotning faol ishtirokchisiga aylangan, — deydi Toʻraqoʻrgʻon tuman hokimi oʻrinbosari Feruza Soliyeva. — Xususan, oila yumushlari, farzand tarbiyasi barobarida hunarmandchilikning u yoki bu turi bilan astoydil shugʻullanayotgan opa-singillarimizning gʻayrat va intilishlariga havas qilasan kishi.

Tanlovga taqdim etilgan hunarmandchilik namunalarini talabchanlik bilan baholagan hakamlar xayʼati turli nominatsialar boʻyicha gʻolibalarni eʼlon qildi. Ularga diplom hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.

 

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер