Qiziqchi Shukrullo Isroilovning mashinasi oʻgʻirlab ketildi

16:39 26 Mart 2025 Jamiyat
474 0

Toshkent shahrida qiziqchi Shukrullo Isroilovning “Mercedes-Benz” rusumli mashinasi oʻgʻirlab ketildi. Bu haqda “Navbatchilik qismi” koʻrsatuvida xabar berildi.

Lavhada maʼlum qilinishicha, soʻz ustasi mashinasi olib qochilganini sezishi bilan ichki ishlar organlariga xabar bergan.

“Mashinamni qulflamasdan, kalitni ichida qoldirib, bir joyga kirib ketdim. Ishimni bitirib qaytib chiqsam, mashinam yoʻq. Oʻzimcha kimdir men bilan hazillashgisi kelibdi, deb oʻyladim. Keyin 102 ga qoʻngʻiroq qildim”, deydi Shukrullo Isroilov.

Kuzatuv kameralarida holat joriy yilning 19-mart kuni sodir etilgani qayd etilgan. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan mashina va uni olib qochgan shaxsni topish choralari koʻrilgan. Natijada transport vositasi Uchtepa tumani Zargarlik koʻchasida toʻxtatilgan, uni boshqargan shaxs jinoyat-qidiruv boʻlimi xodimlariga topshirilgan.

Maʼlum boʻlishicha, transport vositasini 1998-yilda tugʻilgan Sh. ismli shaxs uning ochiq qoldirilganidan foydalanib, olib qochgan.

“Shu mashinani haydab koʻrishga qiziqardim. Mashina ochiq turgandi, oldida hech kim yoʻq edi, unga oʻtirib haydab ketdim. Shahar aylanib, Uchtepa tumanidagi «moyka”ning oldiga borib, toʻxtab turganimda YPX xodimlari mashinasida kelib ushlashdi. Qilgan ishimdan afsusdaman», degan u.

Taʼkidlanishicha, ushbu holat boʻyicha Oʻzbekiston respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, Sh.ga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Shu oʻrinda, qiziqchi Shukrullo Isroilov poytaxt aholisini hushyor boʻlishga chaqirib, IIBB xodimlari faoliyatidagi tezkorlikni yuqori baholagan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер