Qiziltepada 6 dona gemodializ apparati oʻrnatildi

23:55 20 May 2021 Jamiyat
752 0

Gemodializ — buyrak yetishmovchiligi, dori-darmon, oʻtkir zaharlangan odamlar uchun zarur tibbiy vosita. Uning yordamida yarim oʻtkazuvchan membrana filtrlar orqali qondan toksinlar va karbamid ortiqcha suyuqlik ajratib olinib, elektrolitlar, qon bosimi meʼyoriga keltiriladi va kislota-ishqor muvozanati tiklanadi.

Bir soʻz bilan aytganda oʻtkir buyrak yetishmoqchiligidan aziyat chekayotgan kishi uchun gemodializ uskunasi hayot manbai. Ushbu kasallikka chalingan bemorlar haftada bir martadan –toʻrt martagacha gemodializ yordamida oʻz hayotiy funksiyalarini tiklab turadilar.

Yaqin-yaqinlarda ham Navoiy viloyatida gemodializ apparati bilan RSHTYOIM markazining Navoiy viloyat filialigina taʼminlangan boʻlib, Qizilqumning olis ovullaridan tortib, yaqin atrofdagi bemorlargacha qatʼiy grafik asosida uning xizmatidan foydalanishardi. Mabodo buzilib qolsa, tuzattirilguncha Respublika Sogʻliqni saqlash vazirligi aralashuvi bilangina qoʻshni viloyatlardagi tibbiyot muassasalarida gemodializ muolajalarini olib turishardi.

Bugun viloyatning Zarafshon shahrida choʻl hududida istiqomat qiluvchi bemorlar gemodializ xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega. Kuni kecha esa Qiziltepa tumanidagi Somatik kasalliklar shifoxonasida ham olti dona gemodializ uskunasi oʻrnatilib, ishga tushirildi.

— Shu paytga qadar qon tozalatish uchun viloyat markazi yoki Buxoroga haftasiga bir-ikki borib kelishimizga toʻgʻri kelardi, — deydi tumanning Uzilishkent mahallasida istiqomat qiluvchi Rustam Dushamov. — Ayniqsa, qishning qirovli, yozning jazirama kunlarida bu juda azobli edi. Ming marta shukur mana endi mushkulimiz oson boʻldi.

Uskunalarning foydalanishga topshirish marosimida tuman hokimi Sh.Nabiyev mamlakatimiz Prezidenti raisligida sogʻliqni saqlash sohasidagi islohotlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalar ijrosi aholi salomatligi muhofazasida yana bir qator imkoniyatlar taqdim etishini alohida taʼkidladi. Xususan, birlamchi tibbiyot boʻgʻinini kasallikni erta aniqlaydigan va davolaydigan tizimga aylantirish, ixtisoslashgan markazlar tomonidan joylarda tor doiradagi tibbiy xizmatlar hajmini oshirish va sifatini tubdan yaxshilash vazifalari millat salomatligi yoʻlida oʻta muhim qadamligi eʼtirof etildi.

Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер