Qiziltepada 10 gektar yerda “Uch avlod bogʻi” barpo etildi

12:03 28 Oktyabr 2022 Jamiyat
495 0

Foto: Xalq so‘zi

Mamlakatimizda davom etayotgan “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida “Dolzarb 40 kunlik”ka “Kelajak uchun vijdonan koʻchat ekaman!” shiori tanlandi.

— Vijdon amri bilan qoʻl urilgan ish xayrli va barakali boʻladi, — deydi qiziltepalik fermer Raʼno Valiyeva. — Sidqidildan qilingan mehnat esa, albatta, yuzaga chiqadi. Ona zaminimiz nihoyatda «ochiqqoʻl», yaxshi niyat bilan nihol qadang, sizdan marhamatini ayamaydi.

Qiziltepaliklar shu kabi ezgu niyatlar bilan tumanning kattayu kichik qishloqlari atrofida yangi bogʻlarga asos solishmoqda. Xususan, Malikobod mahallasi hududidagi boʻsh turgan hududda 10 gektarlik “yashil maydon” yaratib, 3 ming tup daraxt koʻchatlarini oʻtqazishdi.

Bogʻga asos solingach, unga nom berish masalasi shu yerning oʻzida nuroniylar va yoshlar oʻrtasida muhokama qilinib, tuman IIB boshligʻining “Uch avlod bogʻi” deya atash taklifi barchaga manzur boʻldi. Tuman hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari H. Aliyevga bogʻ atrofini oʻrash jarayonini tezlashtirib, unga kirish qismida nomi aks ettirilgan peshlavha oʻrnatish boʻyicha topshiriq berildi.

Shunday qilib “Uch avlod bogʻi”ga katalpa, pavlovniya, zarang, akatsiya, aylant kabi manzarali daraxt koʻchatlari ekildi. Bogʻ bahona uch avlod ushbu manzilda tez-tez diydorlashib turishini inobatga olsak, yaratilishi bilanoq u oʻz mevasini bera boshladi, desak mubolagʻa emas.

 

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер