Qishloq maktabida yangi oʻquv binosi qad rostladi

16:08 28 Oktyabr 2024 Jamiyat
320 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Gʻijduvon tumanidagi “Sarvari” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan 13-umumtaʼlim maktabida oʻquvchi oʻrinlari soni 240 taga koʻpaydi. Bu yerda qishloq maktabi uchun qoʻshimcha oʻquv binosi qurilib foydalanishga topshirildi.

Bundan chamasi 50-yilcha muqaddam barpo etilgan maktab binosi 480 oʻquvchiga moʻljallangan edi. Oʻshandan buyon ancha suvlar oqib ketdi. Tabiiyki, aholi ham koʻpaydi. Maktab oʻquvchilari soni ikki baravarga oshdi. Bu esa taʼlimni ikki navbatda tashkil etishga olib keldi. Yangi binoga shu muammoga yechim deb qarash ham mumkin. Darvoqe, qoʻshimcha oʻquv binosi investitsiya dasturi doirasida 2 milliard 83 million soʻm miqdoridagi mablagʻ evaziga qurildi. Unda oʻquvchilarning sifatli bilim olishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan.

Aytish joizki, mamlakatimizda boʻlgani kabi Buxoroda ham yosh avlod taʼlim-tarbiyasiga katta eʼtibor qaratilyapti. Viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasidan olingan ushbu dalil ham bu fikrni tasdiqlaydi: investitsiya dasturi asosida joriy yilda 38 ta umumtaʼlim maktabi, 1 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internat va 10 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlarida qurilish-taʼmirlash ishlari olib borildi. Natijada oʻqituvchilarning samarali mehnat qilishi, oʻgʻil-qizlarning zamonaviy ilm-fan sirlarini egallashi uchun qulayliklar yuzaga keldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер