Qishloq xoʻjaligi vaziri dehqonlar huzurida
Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish maqsadida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, tomorqachilikni yana-da rivojlantirish boʻyicha belgilangan vazifalar joylarda izchil amal oshirilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vaziri J. Xoʻjayev hamda Surxondaryo viloyati hokimi T. Bobolov Sherobod tumani misolida bu boradagi ishlar bilan tanishdi.
Pandemiya tufayli joriy etilgan karantin sharoitida aholining qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga boʻlgan talabi yana ortib, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholi bandligi va daromadlarini oshirish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois davlatimiz rahbari tomonidan hozirgi murakkab vaziyatda eng avvalo, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, hosildorlikni bir necha barobarga oshirish orqali aholi dasturxoni toʻkin-sochinligini taʼminlash eng muhim masala etib belgilangan.
Hozir ayni bahor mavsumida har bir qarich yerdan unumli foydalanish boʻyicha katta tajribaga orttirgan sherobodliklarning qoʻli-qoʻliga tegmaydi. Kimdir yerga qayta ishlov berayotgan boʻlsa, kimningdir qadagan urugʻlari nish urib chiqayotir. Issiqxona sharoitida yetishtirilgan mahsulotlardan birinchi hosil yigʻib olinyapti.
Hozirda tumandagi dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer uchastkalarining qariyb 2 600 gektar yer maydonida ertachi, 2 012 gektarida toʻqsonbostiekinlar parvarishlanmoqda.
Qishloq xoʻjaligi vaziri hamda viloyat hokimi hududdagi dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer uchastkalarida olib borilayotgan dehqonchilik yumushlari, bu borada erishilayotgan ijobiy natijalar,, shuningdek, “Sherobod Agro Impeks”, “Sherobod sabzavot koʻkat klaster”, “Baxtiyorbek koʻkat klaster” masʼuliyati cheklangan jamiyatlaridagi samarali faoliyat bilan yaqindan tanishdi. Ichki bozorni toʻldirish, undan ortganini eksportga yoʻnaltirishga doir saʼy-harakatlarni izchil davom ettirish yuzasidan masʼul rahbarlarga tegishli koʻrsatmalar berildi.
Ilhom Rahmatov.
(Xalq soʻzi).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring