Qirgʻiziston hukumati mamlakatdan valyuta olib chiqishga cheklov joriy qildi
Illyustrativ foto
Qirgʻiziston Vazirlar Mahkamasi mamlakatdan naqd shaklda valyuta olib chiqishga vaqtinchalik cheklov joriy qildi.
Qirgʻiziston Vazirlar Mahkamasi mamlakatdan naqd xorijiy valyutani olib chiqishga vaqtinchalik cheklov joriy qildi. Bu haqda hukumat matbuot xizmati xabar qildi.
Endi norezidentlar va chet el fuqarolari mamlakatdan naqd shaklda 5 ming dollargacha olib chiqishlari mumkin. Respublika rezidentlari va fuqarolari uchun cheklovning maksimal chegarasi 10 ming dollar etib belgilandi. Agar olib chiqiladigan naqd valyuta ushbu chegaradan oshsa, uning 10 foizi miqdorida toʻlov undiriladi.
Hukumat bu chorani moliyaviy-iqtisodiy xavfsizlikni taʼminlash, ichki valyuta bozoridagi vaziyatni barqarorlashtirish, milliy manfaatlarni himoya qilish zarurati bilan izohlagan. Mamlakat chegara xizmati va Davlat bojxona xizmatiga naqd dollar olib chiqib ketilishining oldini olishga qaratilgan zarur choralarni koʻrish topshirilgan.
Ukrainada harbiy harakatlar boshlanganidan beri Qirgʻizistondagi ayirboshlash shoxobchalari va tijorat banklarida naqd dollar taqchilligi kuzatilmoqda, deyiladi «TASS» axborot agentligi xabarida. Masalan, oʻtgan yilning dekabr oyida Qirgʻiziston Respublikasi Milliy banki defitsit butun mamlakat boʻylab tarqalayotganini eʼlon qilib, valyuta yetkazib berishda taʼminot zanjirlarining uzilishi va kurs farqidan foyda olish maqsadida chayqovchilik paydo boʻlganini maʼlum qilgan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring