Qatorda bor, roʻyxatda yoʻq xodimlar

17:59 07 Fevral 2019 Jamiyat
2008 0

“Xalq soʻzi online”. Saminjon Husanov/Andijon. Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan uch kunda 292 marta qisqa muddatli tekshiruv oʻtkazildi. Natijada 150 nafar ishchilar noqonuniy tarzda faoliyat yuritayotganligi aniqlandi.

Masalan, Oltinkoʻl tumanidagi “Qoʻshtepa saroy” mahalla hududida faoliyat yuritayotgan “Mubina grand tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyati hisobotlarida 33 nafar xodim ishlayotganligini koʻrsatib kelgan. Tadbir chogʻida korxonada 62 nafar ishchi mehnat qilayotganligi aniqlandi. “Oltinkoʻl universal savdo” markazida hujjatda 22 nafar xodim qayd etilganu, aslida 34 kishi mehnat qilyapti. “Ittifoq” mahallasidagi “Oltinkoʻl non ishlab chiqarish” masʼuliyati cheklangan jamiyatida 12 kishi mehnat qilayotgan boʻlsada, hisobotlarda faqat 1 nafar xodim koʻrsatilgan, xolos.

- Mana, yana bir misol, - deydi Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi boʻlim boshligʻi Akromjon Ochilov. - “Anjom” koʻp tarmoqli ishlab chiqarish korxonasi foydani oshirishning ikki yoʻlini oʻylab topgan. Yaʼni, 5 nafar xodimni qonuniy rasmiylashtirgan holda 23 kishini ishlatgan. Qolaversa, naqd pul tushumi ham chakki boʻlmagan, lekin oʻzini goʻyoki “kamtarona” savdo qilayotganday koʻrsatgan. Bir hafta oldin korxonaning savdo tushumi 100 ming soʻm boʻlgan, tadbir kuni qariyb 50 barobarga oshib, 4 million 946 yarim mingni tashkil etdi.

Shuningdek, qisqa muddatli tadbirda savdo tushumi oʻtgan haftaga nisbatan “Darvoza savdo” masʼuliyati cheklangan jamiyati Qoʻrgʻontepa shahobchasida 5 million 860 ming soʻmga, Asaka shahobchasida 24 million 484 ming soʻmga, Izboskan shahobchasida esa 3 million 695 ming soʻmga oshdi.

Umuman olganda, uch kunlik tadbir mobaynida 8 ta tadbirkorlik subyektining savdo tushumlari 122,9 foizga oshib, 119 million 868 ming soʻmni tashkil etishiga erishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер