Qashqadaryolik yoshlar gʻazalxonlik borasida bellashishdi
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qashqadaryo viloyati boʻlimi tomonidan gʻazal mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 585-yilligi hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543-yilligi munosabati bilan eʼlon qilingan “Yuz gʻazal – yuz javohir” tanlovining Qashqadaryo viloyat bosqichi oʻtkazildi.
Gʻazal mulkining sultoni Alisher Navoiy hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning bezavol adabiy merosi misolida oʻzbek adabiyoti va madaniyatini chuqur oʻrganish va ommalashtirish, shu orqali koʻplab iqtidor egalarini kashf etish maqsadida tashkil etilgan tanlovda tuman va shaharlardan saralangan ishtirokchilar mumtoz adabiyot boʻyicha iqtidor va mahoratlarini namoyon etishdi.

Baholashda yodlangan gʻazallar soni, badiiy ifoda, ijro mahorati, ishtirokchining gʻazal maʼno-mazmunini nechogʻlik tushunganiga asosiy eʼtibor qaratildi. Tanlov qatnashchilari orasida maktab oʻquvchilari, oʻqituvchilar, talabalar, kutubxonachilar borligi, ayniqsa, yoshlar koʻp ekani eʼtiborga molik. Umumtaʼlim maktablarining boshlangʻich sinflarida tahsil olayotgan qizaloqlar Navoiy va Bobur ijodidan yuzdan oshiq gʻazallarni yod olgani hakamlar hayʼati va yigʻilganlar olqishlariga sazovor boʻldi.
- Alisher Navoiy va Bobur ijodi cheksiz ummonga oʻxshaydi, undan barcha istagancha bahramand boʻlishi mumkin, — deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qashqadaryo viloyat boʻlimi rahbari Komila Karomova. – Yoshlarning mumtoz adabiyotga qiziqishini oshirish maqsadida bu yil tanlovda pul mukofotlarini joriy etdik. Shunga monand, raqobat ham ancha kuchli boʻldi.

Yakuniy natijalarga koʻra, Qarshi davlat universiteti Gulsevar Toshmurodova 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Qamashi tumanidagi 5-maktab oʻquvchisi Sabina Qodirova 2- va Qarshi tumanilik Dilbar Qoʻldosheva 3-oʻringa munosib koʻrildi. 1-oʻrin sohibiga 3 million soʻm, 2-oʻringa 2 million va 3-oʻringa 1 million soʻm pul mukofotlari topshirildi.
Shuningdek, ishtirokchilar “Eng yaxshi ijro”, “Eng yosh gʻazalxon”, “Eng zukko gʻazalxon” kabi nominatsiyalarda ham taqdirlandi. Ularga qimmatbaho sovgʻalar, diplom va kitoblar toʻplami taqdim etildi.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring