Qashqadaryoda virusli gepatit kasalligi kamaydi
Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Maʼlumki, Prezidentimizning 2022-yil 16-maydagi “Ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori bilan mamlakatimizda virusli infeksiyalarni oʻz vaqtida profilaktika va diagnostika qilish, davolash ishlarini samarali tashkil etish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan press-turda OAV xodimlariga viloyatimizda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida keng maʼlumot berildi.
Press-tur ishtirokchilari dastlab boshqarma tasarrufidagi virusologiya laboratoriyalari faoliyati, ulardagi zamonaviy tashxis apparatlarining texnik imkoniyati bilan tanishdi. Viloyatda virusli kasalliklarning oldini olish boʻyicha olib borilayotgan amaliy chora-tadbirlar, targʻibot-tashviqot ishlari va ularning natijalari haqida keng maʼlumotga ega boʻldi.

— Virusli kasalliklarga qarshi kurashishning eng asosiy yoʻli sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilish, belgilangan emlashlarni toʻgʻri va tizimli tashkil etish hamda kasallikni oʻz vaqtida aniqlash va davolash choralarini koʻrish hisoblanadi, — deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi boshligʻi Toʻlqin Rasulov. — Boshqarmamiz tomonidan bu borada aholi orasida tizimli targʻibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Virusli infeksiyalarga oʻz vaqtida tashxis qoʻyish va davolash choralari koʻrilmoqda. Natijada joriy yilda viloyatda boʻgʻma, shol, qizilcha, qoqshol va shu kabi oʻnga yaqin boshqariladigan infeksiyalar qayd etilmadi.
Toʻlqin Rasulovning maʼlumot berishicha, viloyatda 2023-yilning 7 oyida viloyatda virusli gepatit-V kasalligi 16 ta qayd etilgan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatkich 5 taga kamayib, 11 tani tashkil etadi.
Shuningdek, viloyatda 580 ta gepatit tashuvchilari bilan kasallanish holati qayd etilgan. Bu ushbu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 71 taga kamayganini anglatadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring