Qashqadaryoda turizmni rivojlantirishga xorijlik sarmoyadorlar qiziqish bildirmoqda

18:38 18 Oktyabr 2023 Jamiyat
586 0

Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan Jahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasi doirasidagi tadbirlarda Qashqadaryo viloyati vakillari ham ishtirok etib, vohaning turizm imkoniyatlarini keng targʻib qilmoqda. Xorijlik sarmoyadorlar bilan viloyatda turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha muhim kelishuvlarga erishilyapti.

Xususan, Kanadaning “Clarke Stock“ kompaniyasi Gʻuzor tumanida gastronomik turizmni rivojlantirishga qiziqish bildirgan.

Tuman hokimining oʻrinbosari Nurjahon Ahmadovning maʼlum qilishicha, ushbu loyihani amalga oshirish boʻyicha kompaniya vakillari bilan qiymati 4,5 million dollarlik memorandum imzolangan.

Portugaliyaning “Circular Unity“ LDA kompaniyasi esa Gʻuzorda yirik logistika markazi hamda M-39 xalqaro yoʻli (Termiz-Toshkent avtomobil yoʻli) chetida kichik mehmonxonalar qurishga qiziqish bildirgan boʻlsa, Rossiyaning “Red October Travel“ kompaniyasi tumanning Pachkamar hududida turistik zona barpo etish tashabbusini ilgari surgan.

Shahrisabz tumanining betakror tabiat manzaralari ham chet ellik ishbilarmonlarni oʻziga jalb etmoqda.

Tuman hokimligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, Tojikistonning “Marko polo”, Indoneziyaning “Traveloka“, Germaniyaning ”ECM GROUP“, Rossiyaning ”Red October Travel“ kompaniyalari bilan tumanning Miraki hududida turizm loyihalarini amalga oshirish boʻyicha umumiy qiymati 7 million dollarlik memorandumlar imzolangan.

Bundan tashqari, Qozon shahrining “Kazanskiye kanatnыye dorogi” kompaniyasi esa tumanning Gʻyelon etno qishlogʻida kanat yoʻlini qurmoqchi.

— Ushbu loyihaga dastlab 200 million dollarlik investitsiya kiritish boʻyicha kelishuvga erishildi, — deydi Qashqadaryo viloyati turizm boshqarmasi boʻlim boshligʻi Javohir Tojiyev. — Forumdan soʻng kompaniya vakillari qishloqqa borib, hududni oʻrganishni boshlaydi.

Shuningdek, xorijlik hamkorlar bilan viloyatning turizm salohiyatini keng targʻib etish, turizm xizmatlarini yoʻlga qoʻyish va sohaga doir boshqa masalalarda koʻplab memorandumlar imzolandi.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер