Qashqadaryoda ham koronavirus karantinidan qochmoqchi boʻlgan fuqaro qoʻlga olindi

20:34 21 Mart 2020 Jamiyat
1808 0

Foto: www.google.com

20-mart kuni Rossiyaning Moskva shahridan “Moskva—Toshkent” poyezdi orqali Oʻzbekistonga kirib kelgan 1995-yilda tugʻilgan namanganlik M.A. epidemik vaziyatga koʻra, oʻrnatilgan tartibda, Qashqadaryo viloyatida tashkil etilgan karantin markaziga joylashtirilgan.

Ushbu fuqaro 21-mart kuni soat 15:30 da belgilangan tartib qoidalarga amal qilmasdan, karantin markazi devoridan oshib oʻtib, qochishga harakat qilgan vaqtda karantin hududi boʻylab xizmat olib borayotgan Milliy gvardiya xodimi tomonidan qoʻlga olingan.

“Hozirda ushbu shaxsga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatish choralari koʻrilmoqda”, — deyiladi Milliy gvardiya xabarida.

Avvalroq Rossiyadan qaytgach, Samarqand viloyatida karantinga joylashtirilgan parkentlik fuqaro karantin joyidan qochib ketgach, Parkent tumanidagi uyida ushlangani, unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani haqida xabar berilgan edi.

Maʼlumot uchun, epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun qonunda belgilangan tartibda jinoiy javobgarlikka tortiladi. Jumladan, sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, odamlarning ommaviy kasallanishiga olib kelsa 11,1 million soʻmdan 22,3 million soʻmgacha miqdorda jarima solish yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Oʻsha qilmish odamning oʻlimiga sabab boʻlsa, 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha qilmish odamlarning oʻlimiga sabab boʻlsa, 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер