Qashqadaryoda “elektron poliklinika” tizimi sinovdan oʻtmoqda
Arxiv foto
Kitob tumani koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasi, tumandagi Rus qishlogʻida joylashgan 11-qishloq oilaviy poliklinikasi, Qarshi shahridagi 4-oilaviy poliklinikada qoʻllanilayotgan ushbu tizim tibbiyotda yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan tasdiqlangan reja-jadvalga asosan Qarshi shahri va Kitob tumanida aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va samaradorligini oshirishni namunali tashkil etish belgilangan boʻlib, bu borada amalga oshirilgan ishlar yakunlandi.
Kitob tumani koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasiga optik tolali aloqa tarmogʻi oʻtkazilib, mavjud barcha kompyuterlar toʻliq internetga ulandi hamda aholi roʻyxati shakllantirildi. “Elektron poliklinika” tizimi joriy etilgan Qarshi shahridagi 3-oilaviy poliklinikaning “Shayx Ali” boʻlimi “Salomatlik-3” loyihasi tomonidan zamonaviy kompyuterlar jamlanmasi bilan taʼminlandi. Ayni paytda shahar tibbiyot birlashmasi tizimidagi muassasalarda internet tarmogʻi tezligini oshirish, optik tolali tarmoqqa ulash, Wi-Fi uskunalari oʻrnatish choralari koʻrilmoqda.
Shu munosabat bilan mazkur shahar va tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli muassasalarda amaliy seminar tashkil etildi. Unda taʼkidlanishicha, “elektron poliklinika“ tizimi poliklinikalarda avtomatlashtirilgan elektron ambulator elektron kartani yuritish, aholiga onlayn usulda, yaʼni uydan chiqmasdan yashash joyi boʻyicha oilaviy poliklinika shifokori qabuliga yozilish, fuqaroga qulay vaqtda tibbiy xizmat olish imkonini berishi bilan bir qator afzalliklarga ega.
– Seminarda tizimdagi eng katta yangilik – “elektron poliklinika” avtomatlashtirilgan axborot tizimi qulayliklari yaqqol aks ettirildi, – deydi viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari Sherali Nurmatov. – Soliq tizimida soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR) tushunchasini bugun maktab oʻquvchisi ham yaxshi biladi. Va bu tizim kundalik hayotimizda qancha qulayliklar yaratgani barchamizga ayon. Joriy etilayotgan “Elektron poliklinika” tizimi orqali har bir fuqaro salomatligiga doir barcha maʼlumotlar yagona elektron bazaga jamlanadi. Aytaylik, fuqaroning qon guruhi, yoshligida qanday kasallik bilan ogʻrigani, nimaga allergiyasi borligi, avval qanday muolajalar olgani... singari barcha maʼlumotlar bu bazada aks etib turadi. Poliklinika shifokori bemor huzuriga kelguniga qadar u xususida barcha maʼlumotlarga ega boʻladi. Bu birinchi navbatda tizimda koʻpchilikning vaqtini oladigan ortiqcha qogʻozbozlikka barham beradi. Vaqt tejaladi, tibbiy xizmat sifati va samaradorligi oshadi. Mazkur tizimni barcha tibbiyot muassasalarida yoʻlga qoʻyish maqsadida ularni axborot texnologiyalari bilan taʼminlash, internet sifatini yaxshilash choralari koʻrilmoqda. Kelgusida tibbiy elektron tizimdagi raqamimiz ham STIR singari kundalik hayotimizdan mustahkam oʻrin oladi.
Amaliy seminar tadbirlarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari Narimon Umarov, Qonunchilik palatasi deputatlari Sattor Rahmatov, Abdigʻani Umirov, Jamshid Pirmatov ishtirok etishdi.
Seminar qatnashchilariga ambulator qabulga elektron yozilish tizimi, umumiy amaliyot shifokorlarini tor soha mutaxassislari bilan uzviy hamkorligi, bemorlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar almashinuvida statsionar muassasalar, tez tibbiy yordam tizimi bilan poliklinikalarning oʻzaro integratsiyasi, bemorlarga ambulator-konsultativ yordamni tashkillashtirish, onlayn maslahat, reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish masalalari – perinatal skrining, tugʻruq regionalizatsiyasi, tibbiyot muassasalari kadrlar taʼminoti va salohiyatini elektron boshqaruv tizimi, surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarning individual nazorati, davolanishi va reabilitatsiya tadbirlarini tashkillashtirish haqida koʻrgazmali tarzda maʼlumot berildi.
Respublika ixtisoslashtirilgan Kardiologiya markazi Qarshi filiali va respublika Endokrinologiya markazi Qarshi filialida mazkur markazlarning koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalar bilan bogʻliqligi amaliy tarzda koʻrsatib berildi.
Seminar yakunida Kasbi tumani va Shahrisabz shahri tizimda navbatdagi namunaviy hududlar sifatida tashkil etilishi taʼkidlandi.
Ahad Muhammadiyev(“Xalq soʻzi”)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring