Qashqadaryoda bir kunda 45 ta bogʻcha foydalanishga topshirildi

15:24 03 Iyun 2024 Jamiyat
495 0

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Koson tumanining Rahimsoʻfi mahallasi tumanning eng olis hududlaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda mahalladagi 700 ga yaqin xonadonda 4 mingga yaqin aholi istiqomat qilmoqda. Ularning 650 nafarini bogʻcha yoshidagi bolalar tashkil qiladi.

Koʻrinadiki, mahallada maktabgacha taʼlim muassasasiga ehtiyoj katta, biroq bunday muassasaning oʻzi yoʻq edi. Shu bois ham qishloqda 5 milliard 915 million soʻm mablagʻ evaziga 120 oʻrinli yangi, zamonaviy maktabgacha taʼlim muassasasining qurilib, foydalanishga topshirilishi mahalla ahli uchun haqiqiy bayramga aylanib ketdi.

Tantanali tadbirda soʻzga chiqqanlar tomonidan bugun mamlakatimizda yoshlarning taʼlim va tarbiyasiga qaratilayotgan eʼtibor, yaratib berilayotgan shart-sharoitlar haqida toʻxtalib oʻtildi.

— 2017-yilda viloyatimizda 326 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti mavjud boʻlib, qamrov darajasi atigi 13 foizni tashkil etar edi, — deydi Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov. — Prezidentimiz tomonidan sohaga qaratilayotgan yuksak eʼtibor natijasida maktabgacha taʼlim yoshidagi bolalarning bogʻchaga qamrovi kun sayin oshib borayapti.

Taʼkidlash joiz, 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan viloyatning turli hududlarida yana 45 ta, jumladan, 5 ta davlat, 4 ta davlat xususiy sherikligi asosidagi hamda 36 ta oilaviy maktabgacha taʼlim muassasasi foydalanishga topshirildi. Bu bilan viloyatdagi bogʻchalarning umumiy soni 4061 taga, qamrov darajasi esa 63 foizga yetdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер