Qashqadaryoda akademik Qalandar Abdurahmonovning “Inson kapitali va sun’iy intellekt” ilmiy maktabi ochildi
Ayni paytda Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida yashaydigan aholi, ayniqsa, yoshlar ajoyib yangilikdan boxabar bo‘ldi, sevinchiga sevinch qo‘shildi. Gap shundaki, mazkur tumandagi 1-umumta’lim maktabi huzurida ayni shu ta’lim dargohida o‘qib, kamol topgan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Qalandar Abdurahmonovning navqiron avlodga zamonaviy bilimlar va yangicha dunyoqarash asosida ta’lim-tarbiya beradigan “Inson kapitali va sun’iy intellekt” ilmiy maktabi ochildi.

Bugun ushbu ta’lim muassasasining ochilish marosimi tashkil etilib, unda viloyat hokimi, tegishli idora va tashkilot rahbarlari, olimlar, professor-o‘qituvchilar, o‘quvchilar hamda ularning ota-onalari, keng jamaotchilik vakillari jam bo‘ldi.

Dastlab ilmiy maktabga sayohat uyushtirildi, qatnashchilar yangi ta’lim dargohining o‘ziga xos qiyofasi va imkoniyatlari bilan tanishdi. Shundan so‘ng, tantanali tadbirda so‘zga chiqqanlar, avvalo, akademikni bu xayrli ishga qo‘l urgani bilan qutlashdi, maktabning o‘quvchi-yoshlar hayotidagi ahamiyati, uning faoliyati kelajakda jamiyat va ilm-fan, ta’lim taraqqiyotiga sezilarli ulush qo‘shishi haqida so‘z yuritdilar.
— Ilmiy maskan tashkil etilishidan asosiy maqsad chiroqchiliklar, bu yerdagi bilim olishga ishtiyoqmand o‘quvchi hamda o‘qituvchilarga iqtisodiyot sohasida inson kapitali va sun’iy intellektni joriy qilishda ko‘maklashishdan iborat, — deydi olimning shogirdi, professor Bahodir Umurzoqov. — Shuningdek, ushbu maktab yoshlarimizning ilmiy yo‘nalishdagi bilimlarini oshirish, kelajakdagi kasb tanlovini shakllantirish, zamonaviy iqtisodiy bilimlarni yetkazishga yo‘naltirilgan amaliy va ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishni ham niyat qilgan. Ishonchimiz komilki, mazkur ilmiy maktab faoliyati yo‘lga qo‘yilishi kelajagimiz egalarining ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini yanada oshiradi, iqtisodiyot sohasidagi zamonaviy bilim hamda tajribalar bilan o‘rtoqlashishda kamarbasta bo‘lib xizmat qiladi.

Aytish joizki, maktab faoliyati qat’iy reja asosida olib boriladi. Masalan, dargohdagi eksponatlar doimiy tarzda yangilanib boriladi va maktab inventariga kiritiladi, ularning saqlanishi qat’iy nazorat qilinadi. Va ilmga chanqoq yoshlar va yangi bilimlar bilan tanishish istagidagi o‘qituvchilar uchun bir qator imkoniyatlarni taqdim etadi.
Xususan, yaqin vaqtlar ichida maktab faoliyati bilan tanishtirish maqsadida tumanda joylashgan boshqa ta’lim muassasalari o‘qituvchi va o‘quvchilarini reja asosida taklif qilish ham rejalashtirilgan.
Shuningdek, ilmiy maktab hozirdanoq reja asosida viloyatda faoliyat olib borayotgan oliygohlar rahbarlari, olimlar, hududlar rahbarlari bilan har oyda ilmiy, amaliy tadbirlar o‘tkazib turishga shay. Albatta, o‘tkaziladigan tadbir hamda muloqotlarda akademik Qalandar Abdurahmonovning o‘zi ham qatnashib borishni maqsad qilgan. O‘quv yili davomida esa boshqa umumta’lim maktablaridagi yoshlarni inson kapitali va sun’iy intellekt bo‘yicha ilmiy-amaliy bilimlar bilan ta’minlash maqsadida bir qator ishlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. O‘quv dasturlarini yangilash hamda qo‘shimcha kurslar joriy qilish, inson kapitali va sun’iy intellekt mavzulari bo‘yicha o‘quv dasturlariga alohida fanlar yoki modullar kiritish, “Yosh akademiklar” tayyorlash kursini tashkil qilish shular jumlasidandir.

Maktabning kelajakda amalga oshirishni rejalashtirgan ishlari ham diqqatga sazovor. Ya’ni, yaqin yillarda maktabda inson kapitali va uning iqtisodiyotdagi ahamiyati haqida maxsus kurslar yoki qo‘shimcha mashg‘ulotlar tashkil etiladi, bilim talabgorlari sun’iy intellektni amalda qo‘llashni o‘rganishi uchun kompyuter laboratoriyalari ish boshlaydi. Robototexnika, kodlash va algoritmlar tuzish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Turli xil onlayn platformalarda amaliy dasturlash, ma’lumotlar tahlili va sun’iy intellekt bo‘yicha kurslar ochiladi.
Ayni chog‘da, maktabda o‘qituvchilar tajribasini oshirish, bilimini mustahkamlashga ham alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, ularni qayta tayyorlash va malaka oshirish uchun ilmiy-amaliy tadbirlar tashkil etiladi, inson kapitali va sun’iy intellekt mavzulari bo‘yicha qayta tayyorlash kurslari o‘tkaziladi, xalqaro tajriba almashish dasturlariga jalb etiladi.

Shuningdek, kelajakda xalqaro o‘quv tashkilotlari hamda ilmiy markazlar bilan hamkorlik o‘rnatish, o‘quvchilarni ana shunday uchrashuvlarga tayyorlash, sun’iy intellekt sohasidagi zamonaviy ishlanmalarni maktablarda sinovdan o‘tkazish uchun xalqaro grantlar va dasturlardan unumli foydalanish rejalashtirilgan.
Ilmiy maktabning tantanali ochilish marosimida bir qator tashkilot hamda idoralar rahbarlari, olimlar ZOOM platformasi orqali tabrik yo‘llashdi. Tadbir yakunida yangragan kuy-qo‘shiqlar davraga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Akrom HOSHIMOV,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor,
AQSHning Nyu-York fanlar akademiyasi akademigi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring