Qarshi davlat universitetida yuqori tezlikda ishlaydigan Wi-Fi oʻrnatildi
Foto: “Xalq so‘zi”
Jahon banki tomonidan moliyalashtirilayotgan Akademik innovatsion fondi tomonidan “Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarida taʼlim jarayonini tashkil etishda yangi texnologiyalar” loyihasi doirasida Qarshi davlat universitetida 110 dona Wi-Fi qurilmasi keltirilib, montaj qilish ishlari boshlandi.
Hozirga qadar 1200 nafar talabaga moʻljallangan oʻquv binosida yuqori tezlikda ishlovchi 30 dona Wi-Fi tizimi oʻrnatildi. Bunda MikroTik va Ubiquiti Network kompaniyalarining soʻnggi rusumdagi tarmoq qurilmalaridan keng foydalanildi.
– Oʻquv binomizga oʻrnatilgan Wi-Fi qurilmalari bir vaqtning oʻzida 2000 nafardan ortiq foydalanuvchilarga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega,– deydi Raqamli taʼlim texnologiyalari markazi rahbari Bekzod Ochilov. – Ayni vaqtda universitetimizda umumiy internet tezligi 3 Gb/sek boʻlib, uni 10 Gb/sek tezlikka yetkazish ustida ish olib borilmoqda.
Taʼkidlash joiz, keltirilgan Wi-Fi qurilmalari OTMning barcha binolari, shu jumladan, oʻquv auditoriyalari, axborot-resurs markazi, talabalar turar-joylariga oʻrnatilib, “radiusi” butun hududni qamrab olishi koʻzda tutilgan. Bu, albatta, professor-oʻqituvchilar va talaba-yoshlarga sifatli hamda yuqori tezlikda ishlaydigan internetdan toʻliq foydalanish imkoniyatini yaratadi.
Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring