Qandli va qandsiz diabet: ularning farqi nimada?

15:44 23 Yanvar 2024 Jamiyat
833 0

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda dunyoda 400 milliondan ortiq kishi qandli diabetdan aziyat chekmoqda. Mutaxassislar bu koʻrsatkich yildan-yilga faqat ortib borishini bashorat qilmoqda.

Diabet deganda aksariyatimiz qandli diabetni tushunamiz. Qandsiz diabet ham borligini esa koʻpchilik bilmaydi.

Xoʻsh, qandli va qandsiz diabet bir-biridan nimasi bilan farq qiladi?

Ushbu savolga tibbiyot fanlari doktori, professor Zamira Halimova javob berdi:

— Qandli diabet 2 turga boʻlinib, birinchisi organizmda insulin yetarli darajada ishlab chiqarilmayotganligi natijasida paydo boʻlsa, ikkinchisi hujayralarning insulinga sezuvchanligining pasayishi tufayli kelib chiqadi, — deydi mutaxassis.

Qandsiz diabetni ham ikki asosiy turga ajratish mumkin – markaziy va nefrogen. Koʻpincha kasallik rivojlanishi organizmda suyuqlikni ushlab turishga javob beradigan vazopressin gormonini ishlab chiqarishdagi muammolar bilan bogʻliq boʻladi.

Shu bois, xaddan ortiq darajada, yaʼni kandli diabetga chalingan bemorlarga nisbatan koʻp — bir kunda 5-15 litrgacha peshob ajralib chiqishi, kuchli chanqoqlik hissi bu xastalikning asosiy alomatlaridan hisoblanadi.

Meʼda osti bezidagi patalogiyalar, gormonal oʻzgarishlar, ayrim dori vositalarining nojoʻya taʼsiri, oʻsmalar, irsiy moyillik ham qandsiz diabetga chalinish sabablaridan boʻlishi mumkin.

Bu belgilar qandli diabetda ham kuzatilishi mumkin. Ammo qandli diabetda ozib yoki semirib ketish, yaralarning sekin bitishi, terining qichishi kabi simptomlar ham uchrab turadi. Diabetning bu ikki turiga barcha yoshdagi kishilar, hatto, bolalar ham chalinishi mumkin.

Qandli diabetni davolash jarayoni muntazam ravishda insulin preparatini qabul qilish va parhez tutishni nazarda tutadi.

Qandsiz diabetda esa, eng avvalo, uni keltirib chiqargan asosiy kasallik oʻchogʻi bartaraf etilib, keyin qoʻshimcha vazopressin saqlovchi gormonal oʻrin bosuvchi terapiya va boshqa muolajalar bajariladi.

Aytish joizki, ikkala kasallikni davolashda ham, birinchi navbatda, shifokorga murojaat qilib, tegishli tekshiruvlardan oʻtish zarur. Ularning natijalari, xastalik bosqichi, bemorning umumiy ahvoliga qarab unga zarur muolaja va dorilar tayinlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер