Qandli diabetni ovoz orqali aniqlash mumkin — tadqiqot
Kanadalik olimlar qandli diabet kasalligini ovoz orqali aniqlovchi dastur yaratdi.
Mexanizmning ishlash tamoyili oddiy. Bir kishi maʼlum davr oraligʻida bir xil iborani takrorlab, oʻz tovushini yozib oladi. Shundan soʻng audiodagi individual fiziologik parametrlar sunʼiy intellekt tomonidan tahlil qilinadi.
Ushbu tadqiqot uchun Amerika diabet assotsiatsiyasi koʻrsatmalariga muvofiq, jami 267 nafar kishi — qandli diabetga chalinmagan 79 ayol va 113 erkak hamda ushbu kasallik tashxisi qoʻyilgan 18 ayol hamda 57 erkak jalb qilindi.
Ishtirokchilar 2 hafta davomida kuniga 6 marotabadan maʼlum bir iborani talaffuz qilib, oʻz smartfonlariga yozib oldi. Natijada 18 ming 465 ta audioyozuv paydo boʻldi.
Sunʼiy intellektning bu boradagi imkoniyatlarini baholagan tadqiqotchilar sogʻlom va bemor insonlarning ovoz parametrlari bir-biridan keskin farqlanishini aniqladi.
Maʼlum boʻlishicha, bu jarayonda 14 ta akustik xususiyat bemorning qandli diabetga chalinganini ifodalaydi.
Mutaxassislar fikricha, yangi dasturning ovoz orqali kasallikka tashxis qoʻyish aniqligi erkaklarda 89 foiz, ayollarda esa 86 foizni tashkil etmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring