Qanday belgilar appenditsitdan darak beradi?
Taomlanishdagi oʻziga xos xususiyatlar va iqlim sharoiti tufayli yurtimiz aholisi orasida oshqozon-ichak tizimi kasalliklari tez-tez uchraydi. Shulardan biri oʻtkir koʻrichak (appenditsit) xastaligidir.
— Oʻtkir appenditsit – chuvalchangsimon oʻsimtaning yalligʻlanishi hisoblanib, oshqozon-ichak tizimining eng xavfli kasalliklaridan biri, — deydi jarroh Nozim Oʻrmonov. — Ayniqsa, u jiddiy asoratlarning tez rivojlanishi va paydo boʻlishi bilan juda xatarli.
Har bir inson hayoti davomida oʻtkir appenditsitga duch kelish ehtimoli yuqori. Xastalik asosan 5-40 yoshli odamlarda koʻp kuzatiladi. 40 yoshdan keyin uning yuzaga kelishi ehtimol past, lekin butunlay uchramaydi, degani emas.
Tez-tez ich qotishlari, ichak peristaltikasining buzilishi, taomlarda oʻsimlik tolalarining yetishmasligi, meʼyoridan ortiq ovqatlanish, meʼda-ichak tizimining bir qator yuqumli xastaliklari va parazitlar uni keltirib chiqaruvchi asosiy omillar hisoblanadi.
Shuningdek, irsiy moyillik, yomon odatlar (tamaki chekish, spirtli ichimliklar isteʼmol qilish), stresslar, vitaminlar va mikroelementlarning yetishmasligi tufayli immunitetning zaiflashishi ham ushbu xastalikka sabab boʻlishi mumkin.
Oʻtkir appenditsitning eng asosiy belgisi qorin boʻshligʻidagi kuchli ogʻriqlar boʻlib, u asosan kechasi yoki ertalab paydo boʻladi. Kataral bosqichda ogʻriq birinchi marta butun qorin boʻshligʻiga tarqaladi yoki uning yuqori qismida kuzatiladi.
Biroq keyinchalik kindikdan pastga va beldan biroz yuqoriga siljiydi. Vaqt oʻtishi bilan ogʻriq tabiati ham oʻzgarib, kulganda yoki yoʻtalganda va chuqur nafas olganda kuchayadi.
Qolaversa, ich qotish yoki ich ketishi, tana haroratining koʻtarilishi, koʻngil aynishi va qayt qilish appenditsitning asosiy belgilari hisoblanadi.
Oʻtkir appenditsit kattalarga qaraganda bolalarda kuchli va tez kechadi. Yaʼni, 6-12 soat oʻtmasidanoq, appenditsit devori chirib, yorilishi va qorin boʻshligʻiga yiring tarqalib ketishi mumkin.
Shu bois agar yuqoridagi belgilar kuzatilsa, shifokorga murojaat qilish lozim.
Appenditsit odatda jarrohlik yoʻli bilan davolanadi. Baʼzida uni olib tashlamasdan, konservativ muolaja qilish mumkin va bu holatda bemorga antibiotiklar buyuriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring