Qalbaki valyutalarning muomalaga chiqarilishiga chek qoʻyildi
Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Oqoltin tumanida yashovchi, 1998-y.t. shaxs aldov yoʻli bilan 2 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ulardan biriga 10 ming, ikkinchisiga esa 4 ming, jami 14 ming qalbaki AQSH dollarini oʻtkazmoqchi boʻlgan vaqtida ushlandi.
Buxoro viloyatida kuzatilgan holatda esa Gʻijduvon tumanida yashovchi, 1986 va 1989-yillarda tugʻilgan, muqaddam sudlangan 2 nafar shaxs xaridorga qalbaki 10 ming AQSH dollarini 5 ming AQSH dollariga sotishga kelishadi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, ular qalbaki 8300 AQSH dollarini berib va qolganini tez kunda yetkazishlarini aytib, 5 ming AQSH dollarini olgan vaqtlarida ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Qiziltepa tumanida va Buxoro viloyatining Gʻijduvon tumanida yashovchi, 1993-1997-yillar oraligʻida tugʻilgan 3 nafar shaxs 200 ming soʻmlik qalbaki kupyuralardan iborat 400 mln. soʻm qalbaki pullarni 160 mln. soʻmga sotayotgan vaqtlarida ushlandi.
Shuningdek, ular tomonidan qalbaki pullar tayyorlangan savdo doʻkoni binosi koʻzdan kechirilganda kupyuralar tayyorlashda foydalanilgan noutbuk, rangli printer, skaner, qogʻoz kesuvchi uskuna, 14 dona qalbaki 200 ming soʻmlik, 1 dona 100 ming soʻmlik va 8 dona oq qogʻozning bir tomoniga chop etilgan 200 ming soʻmlik kupyuralar borligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring