Qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlarini muomalaga kiritilishining oldi olindi
Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Bulungʻur tumani boʻlimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda tumandagi “О.i.” va “SH.h.” MCHJlarga qarashli savdo doʻkonlarida har xil turdagi jami 5 018 dona qalbaki aksiz markali isteʼmolga yaroqsiz alkogol mahsulotlari sotuvga qoʻyilganligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Departamentning Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi va YHXB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Cobalt” rusumli avtotransport vositasi toʻxtatilib koʻzdan kechirilganda, fuqaro У.Қ. qoʻlbola usulda tayyorlangan 666 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotini Nukus shahrida sotish maqsadida olib kelayotganligi aniqlangan.
Departamentning Qibray tuman boʻlimi, IIB va Soliq inspeksiyasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda tumandagi “O.” MFY hududidagi xonadonlardan birida yashovchi Р.Қ. alkogol va tamaki mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanib kelayotganligini aniqlanib, uning xonadonidan 434 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qogʻozlar yasash, ularni oʻtkazish) va 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring