Qahraton sovuqda koʻklam tashvishi

13:26 16 Yanvar 2023 Jamiyat
599 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻona viloyati Furqat tumanida soʻnggi yillarda tomorqadan unumli foydalanish borasida quvonarli yutuqlarga erishilmoqda. Mirishkor tomorqachilar yilning toʻrt faslida ham mehnat qilib, ona zamin oilalar uchun ulkan daromad manbai boʻlishiga erishmoqdalar.

Tumandagi “Qushchi” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Murodjon Sultonov tashkil etgan 12 sotix issiqxonasida shu kunlarda 300 ming tup ertagi pomidor va sovuqqa chidamli gul koʻchatlarini parvarishlayapti. Yetishtirilgan koʻchatlar yaqin kunlarda issiqxonalarga ekish uchun furqatlik tomorqachilar va qoʻshni tumanlarga yetkazib beriladi.

— Qahraton sovuqning dastlabki kunlarida koʻchatlarimizning bunday sharoitga moslashuvi biroz qiyin boʻldi, — deydi M. Sultonov. — Shu bois kechayu kunduzi issiqxona haroratini bir maromda ushlashga harakat qildik. Hozirda bir tekis rivojlanayotgan 4-5 xil navli pomidor, 5-10 turdagi gul koʻchatlari 10-15 sm boʻy choʻzdi. Kelasi haftadan koʻchatlarimizni issiqxonada dehqonchilik qiluvchi oilalarga sotishni boshlaymiz.

Taʼkidlash joiki, mirishkor tomorqachi oʻtgan yili 50 nafar furqatlik yoshlarga tomorqa dehqonchiligi sir-asrorlarini oʻrgatdi. Ayni shu maqsadda yana 10 sotixga yaqin yerda issiqxona tayyorlamoqda. Bu yerga tashrif buyuruvchilar koʻchat ekishdan tortib parvarishlash jarayonlari hamda hosil pishib yetilishini oʻz koʻzlari bilan koʻrib, oʻzaro tajriba almashib borishlari mumkin.

Shuningdek, M. Sultonov tomorqa egalariga arzon va sifatli mahalliy oʻgʻit yetkazib berish uchun xonadonidagi 3 sotix yerda biogomus tayyorlashni ham yoʻlga qoʻygan.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер